10:30 / 05.10.2021
2931

Oliy Majlis palatalari va hukumat muassisligida Bolalar fondi tashkil etilmoqda

Foto: Kun.uz

Prezident “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etish va unga muassislik qilish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar Bolalar jamoat fondining eng muhim vazifalari etib belgilangan:

  • og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish tadbirlarini tashkil etish va moliyalashtirish;
  • bolalarning hayoti uchun xavf soluvchi og‘ir, surunkali hamda kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va ularni respublikada yoki zarur hollarda xorijiy davlatlarda davolash uchun tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha mexanizmlarini joriy etish;
  • ehtiyojmand oilalarning farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan ta'minlash;
  • jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning ta'lim olishlarida ko‘maklashish, shu jumladan, maxsus o‘quv adabiyotlar va o‘quv qurollari bilan ta'minlash;
  • nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularga qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o‘rgatish va ularni uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilishi uchun asbob-uskunalar bilan ta'minlash;
  • og‘ir tashxisli kasalliklari bo‘lgan bolalarni parvarish qilayotgan kam ta'minlangan oilalarni homiylikka olish;
  • nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir, shu jumladan, ularga yuqori texnologik ixtisoslashgan reabilitatsion tadbirlarni tashkil etish va moliyalashtirish.

Bolalar jamoat fondi boshqaruvining yuqori organi uning muassislari umumiy yig‘ilishi hisoblanib, ushbu yig‘ilish har yili kamida bir marta o‘tkaziladi. Bolalar jamoat fondining Vasiylik kengashi Bolalar jamoat fondi boshqaruvining umumiy yig‘ilishlari oralig‘idagi rahbar organidir.

Bolalar jamoat fondi ijrochi direktori lavozimga Bolalar jamoat fondining Vasiylik kengashi tomonidan muassislar umumiy yig‘ilishi taqdimnomasiga muvofiq tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Bolalar jamoat fondi ijro direksiyasining shtat birliklarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uning shakllantirilgan mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi.

Bolalar jamoat fondining asosiy pul mablag‘lari quyidagilar hisobiga shakllantiriladi: 

  • Davlat budjeti hisobidan 2021-2022 yillarda mablag‘larni amalda o‘zlashtirilishiga qarab 100 milliard so‘m miqdoridagi beg‘araz moliyaviy yordam;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;
  • davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, chet davlatlar ajratadigan grantlar;
  • kraudfanding mexanizmlari orqali kelib tushgan mablag‘lar;
  • vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Bolalar jamoat fondiga homiylik qilingan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritiladi, Bolalar jamoat fondi soliqlarning barcha turlaridan ozod etiladi (ijtimoiy soliq bundan mustasno).

Mavzuga oid
Top