12:59 / 05.10.2021
837
Surxondaryoda qarzdor ota farzandlariga aliment o‘rniga Spark mashinasini berdi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida qarzdor ota farzandlariga aliment o‘rniga Spark mashinasini bergan. Bu haqda Kun.uz’ga MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining 2011 yil fevral oyidagi sud buyrug‘iga asosan fuqaro J.B.dan voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun N.J.ga daromadining ma'lum bir qismini aliment sifatida undirish belgilangan. Mazkur undiruv bo‘yicha MIB Termiz shahar bo‘limi ijro hujjati yuritgan.

Qayd etilishicha, qarzdor J.B. aliment to‘lovlarini oldindan to‘lashini va O‘zbekistondan xorijga chiqish huquqlarini tiklab berishini so‘rab MIB Termiz shahar bo‘limiga murojaat qildi.

Murojaatni o‘rganish davomida davlat ijrochilari tomonidan farzandlarining voyaga yetgunga qadar bo‘lgan 8 yillik aliment puli oldindan hisoblab berilgan va unga qonun talablari tushuntirilgan.

Shundan so‘ng J.B. sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishgan holda qiymati 78 million so‘mga teng bo‘lgan Spark mashinasini farzandlari uchun xatlab bergan. Hujjatlar notarial tartibda rasmiylashtirilgandan so‘ng N.J.ning arizasiga asosan MIB Termiz shahar bo‘limi tomonidan ijro hujjati belgilangan tartibda muddatidan oldin tugatilib, qarzdorga nisbatan qo‘llangan barcha cheklov choralari bekor qilingan.

Top