22:17 / 05.10.2021
7891
Telegram foydalanuvchilari soni bir kunda 70 millionga ko‘paydi
Foto: Flickr

Facebook serverlarida kuzatilgan nosozliklar fonida Telegram messenjeri foydalanuvchilari soni bir kunda 70 millionga ko‘paydi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zining Telegram-kanalida ma'lum qildi.

«Telegram'da kunlik o‘sish va faollik bo‘yicha rekord qayd etildi. Bir kunda boshqa tarmoqlardan 70 milliondan ortiq foydalanuvchilar Telegram'ga o‘tishdi. Jamoamiz bunday katta texnik bosimga dosh bera olgani bilan faxrlanaman.

Shimoliy va Janubiy Amerikadagi foydalanuvchilarimiz Telegram odatdagidan sekinroq ishlagani sabab biroz noqulaylik his qilgan bo‘lishlari mumkin, chunki bu hududlarda odamlar yoppasiga Telegram'ga o‘ta boshlashdi. Telegram'ning uzoq yillik foydalanuvchilariga yangi qo‘shilgan do‘stlariga messenjerning barcha qulayliklarini o‘rgatishlarini so‘ragan bo‘lardim. Ishonaman, ular biz bilan qoladi va nega Telegram raqobatchilarini ortda qoldirayotganini bilib olishadi.

Telegram'ga yangi tashrif buyurganlarga dunyodagi eng yirik mustaqil xabar almashish platformasiga xush kelibsiz deb qolaman. Boshqalar sizga pand berayotgan bir vaqtda biz sizni uyaltirib qo‘ymaymiz», deb yakunlagan postini Durov.

Kecha butun dunyo bo‘ylab Facebook, WhatsApp va Instagram (barchasi Facebook'ga tegishli tarmoqlar) serverlarida kuzatilgan nosozlik sabab ular ishlamay qoldi. Keyinchalik qolgan tarmoqlarda ham muammolar kuzatildi. Telegram esa ba'zi sekinlashlarni inobatga olmasa, muammosiz ishlashda davom etdi. Shu sabab uning foydalanuvchilari keskin oshdi.

Oxirgi marta Telegram'da keskin o‘sish 2021 yil yanvarida kuzatilgan. O‘shanda WhatsApp o‘z foydalanuvchilarining ma'lumotlarini o‘zi tegishli bo‘lgan Facebook'ga berib borishini e'lon qilgandi. Oqibatda WhatsApp'ga ishonchsizlik oshib, ko‘pchilik yoppasiga Telegram'ga o‘ta boshlagan.

Hozirgi kunda butun dunyo bo‘ylab Telegram foydalanuvchilari soni 700 milliondan ortiq. WhatsApp'dan esa 2 milliarddan ortiq odamlar foydalanishi ma'lum.

Top