10:03 / 05.10.2021
1268
Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi 
Foto: Kun.uz

Prezident “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi – viloyat – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta'minlash;
  • hududlar va tuman (shahar) darajasida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini keng joriy etish;
  • Xirurgiya markazida transplantatsiya amaliyotlarini xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda keng joriy etish;
  • xirurg, anesteziolog, reanimatolog, nefrolog va boshqa mutaxassislarning salohiyatini oshirish, ularni nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini tashkil etish, zamonaviy simulyatsion markazda mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
  • xirurgiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish;
  • aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Xirurgiya markazi, uning filiallari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berildi:

a) bolalarda tug‘ma yurak nuqsonlarini endovaskulyar yo‘l bilan davolashni keng joriy etish, ularni qisqa vaqt ichida to‘liq sog‘lomlashtirib, nogironlikdan chiqarish maqsadida:

2021 yilda yurak nuqsonlarini davolash uchun mo‘ljallangan 500 ta tibbiy buyum (okklyuder) xarid qilishga Sog‘liqni saqlash vazirligiga rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida vazirlikka 10 milliard so‘m mablag‘ ajratish;

2022 yildan boshlab esa ehtiyojdan kelib chiqib har yili o‘rtacha 2 500 ta okklyuder xarid qilish uchun Davlat budjeti parametrlarida zarur mablag‘larni nazarda tutish;

b) O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalaridan teng ulushda:

2021 yilda Xirurgiya markazi filiallarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 42,5 milliard so‘m mablag‘ ajratish;

2022-2023 yillarda tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlariga biriktirilmagan 26 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 71,4 milliard so‘m yo‘naltirish.

Belgilanishicha, mazkur tadbirlar uchun mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan, shuningdek, joylarda kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini joriy etish natijasida tejaladigan mablag‘lar hamda xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit va grant mablag‘lari hisobiga ajratiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari xirurgiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlarini asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun respublika budjetidan tegishli mahalliy budjetlarga qaytarish sharti bilan budjet ssudasi ajratiladi.

Top