12:16 / 06.10.2021
12937
AQSh Tojikiston chegarachilariga 20ta Jip sovg‘a qildi

AQSh Tojikiston chegaralarini mustahkamlashda yordam berish maqsadida mamlakat Mudofaa vazirligiga umumiy qiymati 1,4 million dollar bo‘lgan 20ta Jip avtomobili berdi.

Foto: AQSh elchixonasi

AQShning Dushanbedagi elchixonasi Tojikiston chegaralarini mustahkamlashda yordam berish doirasida 20ta Jip avtomobilini Tojikiston Mudofaa vazirligiga topshirdi. Umumiy qiymati 1,4 million dollarni tashkil etadigan mashinalar chegaradagi maxsus kuchlariga vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarda operatsiyalar o‘tkazishga imkon berishi ko‘zda tutilgan.

Transport vositalarini topshirish marosimida AQShning Dushanbedagi elchisi Jon Mark Pommershaym va Tojikiston mudofaa vazirining texnika va texnologiyalar bo‘yicha maslahatchisi general-mayor Xusrav Bobozoda ishtirok etgan.

«Ushbu yordam Tojikistonga chegara xavfsizligini ta'minlash uchun ko‘rsatayotgan ko‘magimizning bir misolidir. Tojikistondan chegara xavfsizligi sohasidagi yaqin hamkorlik uchun minnatdormiz va birgalikdagi yutuqlarimizdan faxrlanamiz. Biz terrorizm, narkotrafik va yadroviy qurol tarqalishiga qarshi kurashda sherik bo‘lib qolamiz va birgalikda ishlasak kuchliroq bo‘lamiz», deya ta'kidlagan Pommershaym.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 1992 yildan beri Amerika Qo‘shma Shtatlari Tojikistonga 330 million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgan. Ushbu yordam doirasida Tojikiston xavfsizlik kuchlariga jami 10,5 mln dollar qiymatidagi 358ta avtomobil topshirilgan. Shuningdek, 10 mingdan ortiq tojik harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari terrorizm va tahdidlarga qarshi o‘qitilgan, «Shamsi» tinchlikparvar bataloni ta'mirlangan va o‘quv -mashg‘ulotlar lageri qurilgan.

Top