23:47 / 06.10.2021
17989
SSV: Aholiga 66 turdagi dori vositalari bepul berilmoqda
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga bepul yetkazib beriladigan dori vositalarini qabul qilish, saqlash va tarqatish tartibi, dorilar va tibbiy buyumlarga ehtiyoj qanday aniqlanishi hamda bu jarayonlarga kimlar mas'ul bo‘lishi haqida ma'lumotlar berdi.

Prezidentning «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul bilan tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini yaxshilash borasida bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, qarorda 2021 yil 15 iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshirilib, ushbu maqsadlar uchun joriy yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Shunga muvofiq, bugunga qadar O‘zbekistondagi mavjud 852ta oilaviy shifokor punkti, 990ta oilaviy poliklinika hamda 207ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga jami 40 milliard so‘mdan ziyod 40 turdan iborat dori va 10 turdagi antiseptik vositalar hamda 16 turdagi stomatologiya amaliyotida qo‘llanadigan sarflov materiallari, jami 66 turdan iborat dori vositalari va tibbiy buyumlar yetkazib berildi.

Mazkur dori vositalari fuqarolarga o‘zi yashayotgan hududdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari (oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika) orqali bepul berilishi belgilangan.

Dori vositalarini qabul qilish, saqlash va tarqatish tartibi qanday?

Mazkur masala Sog‘liqni saqlash vazirining joriy yil 24 avgustdagi «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida dori vositalari harakatini tartibga solish to‘g‘risida»gi buyrug‘i asosida tartibga solingan.

Davlat tomonidan aholiga bepul taqdim etilayotgan 66 turdagi mazkur dori va antiseptik vositalar hamda sarflov materiallari dastlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining katta hamshiralari tomonidan qabul qilinadi va maxsus joyda saqlanadi. Katta hamshira dori vositalarini talabnoma asosida va ehtiyojga ko‘ra, muolaja xonasi hamshirasi yoki oila hamshirasiga yetkazib beradi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarga ehtiyoj qanday aniqlanadi?

Mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyoj har bir hududning kasalliklar tarqalganlik darajasi va statistik ko‘rsatkichlar, bemorlarning qatnov sonini e'tiborga olib hisoblanadi. 

Shuningdek, muassasa faoliyat turidan kelib chiqib, davolash sxemasiga asosan tasdiqlangan klinik protokol va davolash-diagnostika standartlari va bemorga beriladigan dori vositalarining miqdorini ko‘rsatgan holda (bir marta va bir kurs uchun) hamda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari uchun tasdiqlangan formulyarga muvofiq aniqlanadi. 

Bemorlarga bepul dori vositalari qay tartibda beriladi?

Bemorlarga dori vositalarini berish turar joyidagi birlamchi tibbiy yordam muassasasining (OShP, OP, KTMP) oilaviy shifokori yoki ushbu muassasaning tor doiradagi mutaxassis shifokori tomonidan amalga oshiriladi.

Dori vositalarining tabletka, kapsula, shamcha, aerozol shaklidagi turi oilaviy shifokor yoki birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasasining tor doiradagi mutaxassis shifokori tavsiyasiga ko‘ra berilishi mumkin.

Dori vositalarini to‘g‘ri ishlatish va foydalanishga kim mas'ul?

Mazkur dori vositalariga ehtiyojni aniqlash, ularni qabul qilish, saqlash va oqilona ishlatish holati har chorakda monitoring qilib boriladi. 

Monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun muassasa rahbari va katta hamshira shaxsan mas'ul hisoblanadi.

Bundan tashqari, har bir bemorga tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy shifokor punktlari hamda oilaviy poliklinikalarda tashkil qilingan kunduzgi stotsionarlarda birinchi yordam dorilari bilan davo muolajarini olishmoqda.

Mavzuga oid
Top