17:18 / 06.10.2021
5732
Harakatlar strategiyasi uchun 5 yilda 114 trln so‘m va salkam 31 mlrd dollar sarflangani ma'lum qilindi

Harakatlar strategiyasidagi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 114 trln so‘m va salkam 31 mlrd AQSh dollari yo‘naltirilgan.

Foto: Kun.uz

2021 yil 5 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston: besh yillik jadal islohotlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada 5 yillik Harakatlar strategiyasi islohotlarining natijalari jamoatchilikka taqdim etildi.

“5 yil davomida yillar bo‘yicha 5ta alohida-alohida dasturlar qilib kelindi. Shu yerda umumiy 1385dan ortiq band ko‘zda tutilgan edi. Umumiy 114 trln so‘m va salkam 31 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilgan” – dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, 5 yillik davrda Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarish uchun 311ta (80tasi yaxlit) qonun, 2 mingta prezident farmon va qarorlari hamda 3 mingta Hukumat qaror va farmoyishlari qabul qilingan.

Ma'lumot uchun, Harakatlar strategiyasi prezidentning 2017 yildagi farmoni bilan qabul qilingan bo‘lib, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga, ijtimoiy sohani rivojlantirishga, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish kabi beshta yo‘nalish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.

Top