22:12 / 06.10.2021
11967

NATO Rossiyaning tashkilotdagi missiyasi xodimlari sonini ikki baravarga kamaytirdi. Bunga “dushmanlarcha faoliyat” sabab bo‘lgani aytilmoqda

NATO 2018 yil marti oxirlarida Rossiya missiyasining yetti nafar xodimini chiqarib yuborgan va yana uch kishiga akkreditatsiya berishni rad etgandi.

Foto: AFP

NATO rahbariyati Rossiyaning tashkilotdagi missiyasini ikki baravarga kamaytirishga – sakkiz nafar diplomatni chiqarib yuborish va yana ikkita o‘rinni qisqartirishga qaror qildi. Sky News telekanalining ma'lumot berishicha, bunga ehtimoliy dushmanlarcha faoliyat sabab bo‘lgan.

Rossiyalik sakkiz nafar diplomat akkreditatsiyadan mahrum etilgani haqida birinchi bo‘lib Sky News telekanali muharriri Debora Heyns xabar qildi.

“NATO ehtimoliy dushmanlarcha faoliyat, xususan, qotilliklar va josusliklarga javoban Rossiyaning alyansdagi missiyasini teng yarmiga qisqartirishga qaror qildi. Razvedkaning yashirin xodimlari deb hisoblanayotgan sakkiz diplomatning chiqib ketishi so‘raldi, yana ikkita o‘rin qisqartiriladi”, – deb yozdi Heyns tvitterda.

Rossiyaning NATO huzuridagi doimiy vakolatxonasi xodimlari soni 20 nafar bo‘lib, endilikda ular 10 nafargacha kamaytiriladi.

Keyinroq NATO vakillari doimiy vakolatxonaning sakkiz nafar xodimi akkreditatsiyadan mahrum qilinganini tasdiqladi.

“Biz Rossiya razvedkasining maxfiy xodimlari hisoblangan Rossiyaning NATO huzuridagi vakolatxonasining sakkiz nafar xodimi akkreditatsiyadan mahrum qilinganini tasdiqlaymiz. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining NATO huzuridagi akkreditatsiyalari soni o‘ntagacha qisqartirilganini ham tasdiqlaymiz”, – deya alyansdagi manbadan iqtibos keltiradi RIA Novosti.

Rossiyaning NATO huzuridagi doimiy vakolatxonasi ushbu xabar bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.

“Biz hech qanday izoh bermaymiz”, – dedi Rossiya missiyasi vakili TASS agentligiga.

Rossiyaning NATO huzuridagi diplomatik vakolatxonasi 1998 yilda tashkil etilgan. 2002 yil mayda Rossiya-NATO kengashi tuzilgan.

Alyans va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar 2008 yil avgustda Gruziyadagi urush fonida yomonlasha boshlagandi – o‘shanda Rossiya-NATO kengashi faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan, keyinchalik qaytadan ish boshlagandi.

2014 yil martda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng NATO bilan munosabatlar yana yomonlashdi. Alyans Rossiya bilan barcha turdagi fuqaroviy va harbiy hamkorlikni to‘xtatdi, 2014 yil sentyabrda esa Rossiya sovuq urush tugaganidan so‘ng birinchi marta NATO sammitiga taklif etilmadi. Rossiyaning alyans huzuridagi doimiy vakolatxonasi xodimlari keskin kamaytirildi.

2018 yilda Rossiyaning NATO huzuridagi doimiy vakili Aleksandr Grushko lavozimidan ozod etildi, o‘shandan buyon o‘zaro hamkorlik to‘xtatilgani bois vakil o‘rni bo‘sh turibdi. 

2018 yil mart oyi oxirlarida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiyaning alyans huzuridagi missiyasining yetti xodimi chiqarib yuborilishini va yana uchtasiga akkreditatsiya berish rad etilganini ma'lum qildi. Bungacha Sergey Skripal va uning qizi zaharlanishi ishi bo‘yicha Britaniya bilan birdamlik ramzi sifatida 20 dan ortiq mamlakat rossiyalik diplomatlar chiqarib yuborilishini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid
Top