22:16 / 06.10.2021
32380
OAV: Ashraf G‘ani BAAga O‘zbekiston orqali qochgan

Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani avgust oyida “Tolibon”dan qochib, Birlashgan Arab Amirliklariga yo‘l olgan edi. Afg‘on nashrlaridan biriga ko‘ra, G‘ani Abu-Dabiga Qozog‘iston aviakompaniyasi samolyotida uchib ketgan, parvozdan oldin bir sutkadan ortiq vaqt mobaynida Termizda bo‘lgan.

Foto: EPA-EFE / Hedayatullah Amid

Afg‘onistonning oxirgi prezidenti Ashraf G‘ani avgust oyida, Kobul “Tolibon” nazoratiga o‘tishi arafasida mamlakatdan qochib, Termizga borgan, so‘ng u yerdan qozoq aviakompaniyasi samolyotida BAAga yo‘l olgan. Bu haqda Afg‘onistonda chop etiladigan Hasht e Subh Daily (8am.af) gazetasi o‘z manbasiga tayanib xabar tarqatdi.

Gazetaning qayd etishicha, shaxsini ochiqlamaslikni so‘ragan manba – Kobuldan Ashraf G‘ani bilan birga qochgan 53 kishidan biri. U 15 avgust kuni tongdan to Afg‘oniston Islom Respublikasi qulagan 16 avgust oqshomigacha bo‘lgan voqealarni so‘zlab bergan.

Manbaning aytishicha, 15 avgust kuni ertalab soat 9da doimgidek prezident Ashraf G‘ani va boshqa rasmiylar ishtirokida tonggi yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Kobuldagi vaziyat beqarorlashining oldini olish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining shoshilinch majlisini chaqirishga qaror qilingan. Biroq birozdan keyin VM a'zolarining taxminan yarmi yo Kobuldan tashqarida, yo chet elda ekani ma'lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng, guvohning so‘zlariga ko‘ra, prezident G‘ani o‘z saroyi yaqinida joylashgan Mudofaa vazirligi binosiga bormoqchi bo‘ladi, lekin vazir o‘z ish joyida emas, Kobul aeroportiga harbiy havo kuchlari bilan muloqot qilish uchun ketganini bilgach, bu rejasini ham bekor qiladi.

Manba tushga yaqin tushlik qilish uchun saroy oshxonasiga borishgani, biroq bu vaqtda tushlik tayyorlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, oshxona xodimlari allaqachon qochib ketgani, boz ustiga saroy yaqinidan o‘q ovozi kelganini aytgan.

Uning hikoya qilishicha, o‘sha kuni “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazilgan va harakat o‘z kuchlarini Kobulga olib kirmasligini aytib ishontirgan. Natijada xavfsizlik masalalariga mas'ul kotib videomurojaat bilan chiqib, poytaxt aholisini tinchlantirishiga kelishilgan. Ammo shu vaqtda vertolyotlarga chiqish haqida buyruq bo‘ladi.

Qayd etilishicha, xavfsizlik protokollariga muvofiq, prezident saroyi yoki Kobul aeroportida to‘rtta vertolyot doim parvozga shay holatda turgan. Uchib ketishdan oldin prezident tansoqchilari vertolyotlarga chiqib olish uchun joy talashishgan, sig‘may qolganlar saroyda qolishga majbur bo‘lgan.

Nashrning boshqa bir manbasiga ko‘ra, saroy yaqinida o‘q ovozi eshitilishidan bir necha soat oldin va keyin prezident tansoqchilarining aksariyati o‘z kiyimlarini o‘zgartirib olgan, ayrimlari saroyni tark etgan. Ular orasida intizom buzilib ketgan, harbiy iyerarxiyaga amal qilinmay qolgan.

Birinchi manbaning hikoya qilishicha, bu to‘rtta vertolyotning parvozi o‘sha vaqtda Afg‘oniston havo kengliklarini nazorat qilib turgan AQSh harbiylari bilan kelishilmagan. Amerikaliklar bilan koordinatsiyada muammo bo‘lgani bois hatto prezident vertolyoti ham xavf ostida bo‘lgan.

Parvoz davomida vertolyotlar me'yordan ortiqcha yuk olgani ma'lum bo‘lgan va yo‘lovchilar o‘z bronejiletlari, qurollari va boshqa ayrim buyumlarini vertolyotdan uloqtirishlariga to‘g‘ri kelgan. Yonilg‘i kamligi sabab vertolyotlar ancha pastlab uchishga majbur bo‘lgan.

Uchuvchilar o‘zlaridagi kommunikatsion qurilmalar yordamida avvaliga tojik rasmiylari bilan bog‘lanib, Tojikiston hududiga favqulodda qo‘nishni rejalashtirgan, ammo aloqa so‘rovlariga javob bo‘lmagan. Shundan keyin O‘zbekistonga, Termiz aeroportiga qo‘nishga qaror qilingan, lekin o‘zbek rasmiylari bilan bog‘lanish bo‘yicha qayta-qayta qilingan urinishlar ham javobsiz qolgan.

Termizga yaqinlasharkan, uchuvchilar ratsiya orqali bortda Afg‘oniston prezidenti borligi, vertolyotlar favqulodda qo‘nishga muhtojligini bildirgan, biroq javob bo‘lmagan. Shu asnoda Ashraf G‘anini olib ketayotgan vertolyot uchuvchisi yonilg‘i tugayotgani sababli nima bo‘lishidan qat'i nazar Termiz aeroportiga qo‘nishga qaror qilgan. Vertolyotlar birin-ketin aeroport chekkasiga qo‘ngan.

Hasht e Subh Daily'ning ikkinchi manbasi voqea bo‘yicha boshqacha versiyani aytgan. Unga ko‘ra, vertolyotdagilarda Tojikiston hududiga qo‘nish rejasi bo‘lmagan, ular Kunduz viloyati hududidan Amudaryo yoqalab uchib, O‘zbekiston chegarachilari va harbiylarini ogohlantirmasdan Termiz aeroportiga qo‘nishgan.

Birinchi manbaning hikoya qilishicha, to‘rtta vertolyotda Termizga qo‘ngan 54 kishidan 22 nafari uchuvchilar, ikkinchi uchuvchilar va harbiy havo kuchlari texniklari, yana 22 kishi prezident tansoqchilari, qolganlar esa rasmiy shaxslar bo‘lgan. Ulardan hech birining yonida pasporti bo‘lmagan.

“Biz Termiz aeroportiga qo‘nishimiz bilanoq taxminan 200–300 nafar o‘zbek chegarachilari va harbiy xizmatchilari bizning to‘rtta vertolyotimizni o‘rab olishdi. Ular o‘z qurollari bilan har qanday harakatga shay holatda edilar. Biz taxminan bir soat vertolyotlarda o‘tirdik, keyin Ashraf G‘anini qo‘riqlash tuzilmasi rahbari general Qohir Kochi vertolyotdan tushib, quroli yo‘qligini va suhbatlashmoqchi ekanini ifoda qilgancha askarlar ortidagi mashinada kutayotgan o‘zbek komandiri tomonga qarab yurdi.

O‘zbek askarlari uning qurolsizligini tekshirgach, komandirlari oldiga borishiga ruxsat berdi. Ular 2–3 daqiqa gaplashishgach, komandir ratsiya orqali kimnidir chaqirdi.

Oradan 10–15 daqiqa o‘tib, o‘zbek komandiri oldiga qora avtomobil keldi. Haydovchining yonida o‘tirgan, fuqarolik kiyimidagi erkak mashinadan tushib, o‘zbek komandiri va prezidentni qo‘riqlash xizmati rahbari bilan qisqa salomlashdi. Ular bir necha daqiqa gaplashib turishdi. Keyin ular Ashraf G‘ani o‘tirgan vertolyotga chiqib, 2–3 daqiqadan keyin Ashraf G‘ani, Rula G‘ani va Hamdulloh Muhib bilan birga qaytib tushishdi va mashinaga qarab yo‘l olishdi”, – deya hikoya qiladi u.

Manbaga ko‘ra, “delegatsiya” Termiz aeroportida bir sutkadan ko‘proq vaqt qolgan. U tunni ochiq maydonda, vertolyotlar yonida o‘tkazishgani, bir sutka ovqatsiz va suvsiz qolishganidan shikoyat qiladi. Dushanba kuni tushda aeroportga biror taniqlilik belgisi bo‘lmagan kichik oq samolyot kelib qo‘nadi va afg‘onistonliklarni Birlashgan Arab Amirliklariga olib ketadi.

Gazeta Flightradar24 servisi ma'lumotidan kelib chiqib xulosa qilishicha, o‘sha kuni Termizdan Abu Dabiga FJK-1255 parvozini amalga oshirgan samolyot Qozog‘istonning FlyJet aviakompaniyasiga tegishli.

Afg‘on nashri manbasi BAA poytaxtidagi aeroportga qo‘nishgach, Ashraf G‘anini boshqa qaytib ko‘rmaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh armiyasi Afg‘onistonni tark etishi asnosida “Tolibon” radikal harakati butun mamlakat bo‘ylab ta'sirini kengaytirib borgan va 15 avgust kuni poytaxt Kobulni deyarli jangsiz egallagan edi. Prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketgani o‘sha kuniyoq ma'lum bo‘lgandi.

The New York Times nashri Dohadagi muzokaralarda ishtirok etayotgan afg‘on delegatsiyasi vakillaridan biriga asoslangan holda G‘ani turmush o‘rtog‘i hamda ikki maslahatchisi bilan birga O‘zbekistonga uchganini ma'lum qilgandi. Keyinroq prezidentning shaxsiy tansoqchisi Al-Jazeera telekanaliga G‘ani Toshkentga uchganini tasdiqladi.

Ammo 17 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi Ashraf G‘ani, afg‘on harbiy qo‘mondonlari Abdul-Rashid Do‘stum va Atto Muhammad Nur O‘zbekistonda bo‘lib turgani haqidagi xabarlarni rad etgan edi.

18 avgustda sobiq prezident afg‘on xalqiga murojaat bilan chiqib, “Men o‘z vatanimni sotmadim. [...] Biz Kobul uchun tinchlikni va u vayron bo‘lmasligini xohladik”, – deya ta'kidlagandi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top