10:12 / 06.10.2021
6037
O‘zbekistonda 226ta qonunchilik hujjatining 75tasida korrupsiyaviy omil aniqlandi

Prezidentning “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Foto: Fotolia

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim va davlat xaridlari sohalarini tartibga soluvchi 226 ta qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan va natijasiga ko‘ra ushbu hujjatlarning 75 tasida 302 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

Qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim va davlat xaridlari sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish natijasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Oliy Majlis palatalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining normativ-huquqiy hujjatlarni “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqish hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi:

  • amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich to‘liq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilik, ilmiy tashkilotlar va mustaqil ekspertlarni keng jalb qilish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishlab chiquvchi tomonidan korrupsiyaviy omillarni aniqlash bo‘yicha namunaviy shakldagi savolnoma (cheklist) to‘ldirilishi va loyiha qabul qilinguniga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarda unga ilova qilinishi;
  • cheklist to‘ldirilmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasligi va ishlab chiquvchiga qaytarilishi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarida adliya organlari tomonidan aniqlangan korrupsiyaviy omillar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilanishi.
Top