10:40 / 06.10.2021
2575
USAID Markaziy Osiyoda yangi savdo dasturini e'lon qildi
Foto: AQSh elchixonasi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) umumiy qiymati 19 million dollarga teng bo‘lgan yangi besh yillik loyiha boshlanganini e'lon qildi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar bermoqda.

USAID’ning Markaziy Osiyoda Savdo dasturi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda amalga oshiriladi. Yangi loyiha USAID’ning yillar mobaynida mintaqaviy savdo, korxonalarni rivojlantirish va mintaqaviy aloqalarni yaxshilashda erishilgan yutuqlariga asoslangan. 

USAID’ning Markaziy Osiyoda Savdo dasturi uchta asosiy strategik maqsadga erishish uchun davlat va xususiy sektorga texnik yordam ko‘rsatishi nazarda tutilgan.

Birinchidan, dastur faoliyati moliyaviy va vaqt xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida bojxona va chegara nazorati tartibini uyg‘unlashtirishga yo‘naltiriladi. 
Ikkinchidan, dastur rivojlanishni rag‘batlantiruvchi va investitsiyalar oqimini ta'minlaydigan islohotlarni amalga oshirish uchun davlat va xususiy sektor orasidagi sheriklikni kuchaytiradi. 

Uchinchidan, manfaatdor tomonlar bilan Markaziy Osiyo mintaqasida ham, undan tashqarida ham transchegaraviy savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Ma'lumot uchun, USAID rivojlanish natijalarini erishishni tezlashtirish ustida ish olib boruvchi xalqaro taraqqiyot sohasidagi dunyodagi yetakchi agentlikdir. 

Top