17:45 / 06.10.2021
24631

Yo‘l – mashinaniki, yo‘l cheti – «egalik», piyoda qayerdan yursin? O‘zbekistonning egasiz yo‘llari haqida

Bugun O‘zbekistonda ko‘chalarning egasi yo‘q, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. U xoh mahalliy, xoh davlat ahamiyatidagi yo‘l bo‘lsin chinakamiga egasiz qolgan. Gap yo‘llarni ta'mirlash yoki ularda harakat xavfsizligini ta'minlash emas, balki yo‘l chetlarining noqonuniy egallab olinayotgani va bu holatga mamlakat miqyosida ko‘z yumib kelinayotgani haqida.

Bugun xoh yakka tartibda uy-joy qurgan jismoniy shaxc, xoh yuridik shaxs maqomidagi korxona egasi bo‘lsin ko‘cha masalasida xohlaganini qilyapti. Istasa, piyodalar yo‘lakchasini to‘sib, o‘zi egalik qilayotgan binoning atrofini ko‘cha chetigacha panjara bilan o‘rab olayapti, xohlasa, ayvon qilib qo‘ygan. Unga chora ko‘radigan tashkilotning esa o‘zi yo‘q.

1-misol.

2020 yil 11 noyabr kuni Kun.uz’da «Urgutdagi «tez yordam»ga tez borib bo‘lmayapti. Tor yo‘lni kim kengaytiradi?» sarlavhali tanqidiy maqola berilgandi. Unda Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq va tez tibbiy yordam majmualariga olib boradigan yo‘lning torligi, piyodalar yo‘lakchasi yo‘qligi, oqibatda odamlar (bemorlar ham) yo‘lning qatnov qismidan yurishga majbur bo‘layotgani tanqid qilingandi. Shuningdek, bu holat tug‘ruq va tez tibbiy yordam majmualariga bemor olib kelayotgan tez tibbiy yordam mashinalari hamda boshqa haydovchilarining harakatlanishiga xalaqit berayotgani aytilgandi.

Urgutdagi kasalxona atrofida yo‘lning bir tarafi bo‘lmish piyodalar yo‘lakchasi o‘rni aholi vakillari tomonidan, ikkinchi tarafi esa tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan panjara bilan o‘rab olingan. O‘shanda maqola yozilishi arafasida tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Dilshod Tog‘ayev holat yuzasidan izoh bergan va tuman tibbiyot birlashmasi avvaldan egalik qilib kelgan hududni panjara bilan o‘rab olganini aytgan.

Maqola e'lon qilingach, Urgut tuman hokimligi unga munosabat bildirgan va holat bo‘yicha ishchi guruh tuzilgani, tez orada tug‘ruq va tez tibbiy yordam majmualariga kiradigan yo‘lda piyodalar yo‘lakchasi ochib qo‘yilishi aytilgandi. Munosabatda Urgut shahrining bosh rejasiga ko‘ra, tez tibbiy yordam va tug‘ruq majmualariga kiradigan yo‘l 20 metr qilib kengaytirilishi, bu masalada piyodalar yo‘lakchasi o‘rnini egallab olgan fuqarolarga ogohlantirish berilgani va ular besh ish kunida noqonuniy qurilmalarni buzib olishi ma'lum qilingan.

Mana, qariyb bir yil vaqt o‘tdi hamki piyodalar yo‘lakchasi ham ochilmadi, yo‘l ham kengaytirilmadi. Bu yerda hammasi aniq va ravshan: fuqarolar yo‘lning bir qismini noqonuniy tarzda egallab olgan, lekin oradan shuncha vaqt o‘tsa ham, ularga chora ko‘radigan, yo‘l chetidagi piyodalar yo‘lakchasini ochib qo‘yadigan mard topilmayapti. O‘zbekistondagi mahalliy hokimliklar esa gapdan nariga o‘tmasligi yangilik emas.

2-misol.

2020 yil 17 dekabr kuni Kun.uz’da «Yakkabog‘da nega yo‘lning himoya maydoniga kiruvchi joy auksionga chiqarib yuborildi?» sarlavhasi bilan tanqidiy maqola e'lon qilindi. Maqolada Yakkabog‘dagi Qo‘tonboy qishlog‘ida joylashgan 51-maktab oldida, yo‘l yoqasidagi joy auksionda noto‘g‘ri sotib yuborilgani tanqid ostiga olingandi. Sotuvga chiqarilgan va tadbirkorlardan biri sotib olgan joy yo‘lning himoya hududiga (qizil chiziqqacha bo‘lgan masofa) kirishi ma'lum bo‘lgandi.

Maqola e'lon qilingach, Qashqadaryo viloyati kadastr boshqarmasi munosabat bildirgan va unda haqiqatan 51-maktab oldidagi yo‘l yoqasi noqonuniy tarzda auksionga chiqarib yuborilganini ma'lum qilgandi.

«Hozirda ushbu yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligi aniqlangan. Bunga sabab ushbu auksion savdosiga qo‘yilgan novvoyxona binosi qurish uchun ajratilayotgan yer maydoni maktab yonida joylashgan, shaharsozlik normalariga to‘g‘ri kelmaydi hamda yo‘lning himoya qismida joylashgan.

Ayni paytda holat yuzasidan tuman hokimiga va Qo‘tonboy qishlog‘i joylashgan sektorga rahbarlik qiladigan IIB boshlig‘iga 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasida joylashgan yer qonunlarga zid ravishda auksionga chiqarilgani va auksion g‘olibiga Qo‘tonboy qishlog‘ining boshqa qismidan yer ajratib berilishi lozimligi haqida so‘rovnoma kiritilgan», deyilgandi munosabatda.

To‘g‘ri angladingiz, bu yerda ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. O‘zbekistonda mahalliy hokimliklarning tanglayi gap bilan ko‘tarilgani, ular faqat gapirishni bilishini navbatdagi marta eslatib o‘tish o‘rinli. Ha, Yakkabog‘da ham yuqoridagi muammo bo‘yicha hech narsa bo‘lmadi. Noqonuniy tarzda savdoga chiqarilgan bir parcha yer muammosini na hokimiyat, na boshqa tashkilotlar hal qila olmadi va tadbirkor bino devorlarini ko‘tardi. Hozirgi kunda uning tomini yopish harakatida.

Yuqorida yo‘l bilan bog‘liq ikkita misol keltirdik. Aslida esa O‘zbekistonda yo‘lning himoya maydonini (qizil chiziqqacha bo‘lgan masofa) yoki piyodalar yo‘lakchasining o‘rnini egallab olish avj olgan va bunga chora ko‘radigan tashkilotning o‘zi yo‘q. Aslida bor, lekin davlat idoralarining qo‘lidan keladigan faqat gap, gap, gap. Dunyoda odamlar koinotga bozorga borganday chiqib yurganda biz hamon «peshexodga joy qani?» deb yuribmiz.

Hech bir tashkilotga yo‘l chetini noqonuniy egallab olgan fuqaroga yoki tashkilotga to‘g‘ridan to‘g‘ri chora ko‘rish vakolati berilmagan. Harholda Urgutdagi holat bo‘yicha surishtiruv olib borayotganimizda tuman hokimligi qoshidagi arxitektura bo‘limi xodimi vaziyatga shunday izoh bergan. Uning aytishicha, O‘zbekistonda turli ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarning himoya maydoni yoki ularning chetidagi piyodalar yo‘lakchasi kimlardir tomonidan egallab olinsa, bunday holatda tuman (yoki shahar) hokimligi huzurida tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh o‘rganib chiqqandan keyin masala bir yoqlik qilinadi.

Hokimiyatdagilarning ishi «boshidan oshib-toshib yotganda», ularning bunday masalalarni hal qilish uchun ishchi guruh tuzishga va muammoni hal qilishga vaqti bo‘larmikin? Qolaversa, Urgutdagi holatni ko‘ryapmiz, aksariyat hollarda ishchi guruh qarorlari ham fuqarolar tomonidan bajarilmaydi. Axir chiqargan qarori bajarilishi uchun tashkilot odamlar oldida hurmatga ega bo‘lishi kerak.

Bugun O‘zbekistondagi istalgan aholi punktida, hatto bir paytlar reja asosida uylar qurilgan yirik shaharlarda ham keyinchalik odamlar tomonidan piyodalar yo‘lakchasi turli yo‘llar bilan egallab olinganiga guvoh bo‘lish mumkin. Tuman markazlarida va qishloq joylarida esa vaziyat yanada yomonroq. Ayniqsa aholi zich joylashgan hududlarda odamlar poydevorni shundoq ko‘cha chetidan quyib, piyodalar yo‘lakchasining o‘rnidan uy yoki boshqa binoning devorini ko‘targan.

To‘g‘ri, kimdir ko‘cha chiqib ketganda tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi, obodonlashtirish bo‘limi, hattto mahalla raislari ham hokimiyatga bildirgi bilan chiqib, muammo chuqurlashib ketmasidan yechimini qilsa bo‘ladi. Ammo yuqorida yozilganday har bir holat uchun ishchi guruhini tuzish, ko‘cha hududini egallab olganlarga chora ko‘rish, ko‘chaning haqqini o‘rniga qaytarish uchun nafaqat hokimiyatdagilarning, balki boshqalarning ham vaqti yo‘q.

Urgutdagiga o‘xshab natija bo‘lmagandan keyin tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi yoki obodonlashtirish bo‘limi muammoni ko‘rsa ham qo‘l siltab ketaveradi. Qolaversa, bugun bu ikki tashkilotning xalq orasida obro‘si havas qilgulik emas. Yo‘l chetini egallab olganlar esa osonlikcha «jon bermaydi» ham. Bunga Urgutdagi tez tibbiy yordam hamda tug‘ruq bo‘limlariga kiradigan yo‘lning to‘sib olingani misol. Odamlar hayotini yaxshilashga mas'ul bo‘lgan va shu uchun davlat budjetidan maosh olayotganlar esa bu muammoni hal qilishni ortiqcha bosh og‘riq deb bilmoqdalar. Bu ketishda esa yo‘llar hali beri egalik bo‘lmaydi...

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top