15:18 / 07.10.2021
1986

Qarshida yangi asfalt qilingan ko‘cha suv tortish uchun yana qazildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi ko‘chalardan biri qazilib ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani, so‘ng asfalt qilingan ko‘cha suv quvurlarini o‘tkazish uchun yana qazilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Shahar hokimligi axborot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Qarshi shahri, Samarqand va Darvozatutak mahallalari kesimidagi Beshkentariq ko‘chasiga 31 yil deganda suv quvurlari o‘tkazilib, asfalt yotqizilgan. Biroq hozirda mazkur ko‘chada asfalt yotqizilgan ko‘chani qazib, yana quvur o‘tkazish ishlari boshlangan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, bugungi kunda loyihaga asosan Qarshi aholisini 24 soat davomida uzluksiz toza ichimlik suv bilan ta'minlash maqsadida shahar markazida ichimlik suv quvurlarini o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihaga asosan hozirda shaharning Samarqand mahallasi, Beshkentariq ko‘chasi bo‘ylab ichimlik suv quvurlari o‘tkazish ishlari davom etmoqda.

Qayd etilishicha, loyiha smeta hujjatlarida ichimlik suv quvuri o‘tkazilayotgan ushbu ko‘chani qayta ta'mirlash masalasi ham ko‘zda tutilgan. Ichimlik suv quvurini o‘tkazish ishlari yakuniga yetganidan so‘ng loyihaga asosan Beshkentariq ko‘chasida qayta ta'mirlash ishlari olib boriladi.

Top