11:48 / 07.10.2021
7201
Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda saylovchilar bilan uchrashdi

Viloyatning Sirdaryo tumanidagi sanoat zonasida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zLiDep faollari, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdilar. Sirdaryoliklar ham boshqa viloyatlar an'anasini davom ettirgan holda nomzodni olqishlar bilan kutib olishdi. 

Foto: Milliy mass-media fondi

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, bu viloyatdagi o‘ziga xos jihat partiya ramzlaridagi ranglar o‘zgargani bo‘ldi. Dastlabki uchrashuvlarda ramzlar va liboslar to‘q ko‘k rangda bo‘lgan bo‘lsa, Sirdaryoda moviy va yashil ranglardan ham foydalanilgani kuzatildi.

Prezidentlikka nomzodning viloyatdagi ishonchli vakili Pokiza Ahmadjonova tadbirni ochib berdi va viloyatdagi so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar, xususan Shavkat Mirziyoyevning Sardoba fojiasi oqibatlarini bartaraf etishdagi sa'y-harakatlar haqida eslab o‘tdi. Shundan so‘ng nomzodga so‘z berildi.

“2023 yil Sirdaryoga 60 yil to‘ladi. Men bu zaminga yaqin joyda tug‘ilganman va Sirdaryoni juda yaxshi bilaman. Islohotlarimizga befarq bo‘lmagan, Yangi O‘zbekiston qurish niyatida bo‘lgan insonlarni ko‘rib turganimdan juda xursandman. Bizning mustaqilligimizga 30 yil bo‘ldi, lekin davlatchilik tariximiz 3 ming yillik. Bobolarimizga munosib bo‘lishimiz eng katta yutuq.

Sirdaryo cho‘llari menga yaxshi tanish, talabaligimizda bizni bu yerlarga 3-4 oylab paxtaga tashlab ketishardi. Yaqin o‘tmishni eslaylik, bunday yig‘ilishlar o‘tkaza olarmidik? O‘tkazsak ham xayolimiz paxtada, “pripiska”da bo‘lardi. Mana, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Sirdaryoga ham sanoat kirib kelmoqda. Xalqimizda bir ibora paydo bo‘ldi – qilsa bo‘lar ekanku! Hozir zamon o‘zgaryapti, yoshlar, talablar o‘zgaryapti. Agar biz tezkor harakat qilmasak, orqada qolib ketamiz. Albatta, yutuqlar o‘zimizniki. Men sizlar bilan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha muloqot qilgani keldim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top