17:51 / 07.10.2021
24916
Xitoy Tayvanga harbiy samolyotlar yubordi, u yerdagilar urush xavfi haqida aytishmoqda

Tayvan bo‘g‘ozida qurolli to‘qnashuv ro‘y berish xavfi so‘nggi 40 yillikdagi eng yuqori darajaga chiqdi. Tayvan mudofaa vaziri Chiu Kuo Chen qandaydir harakat tufayli istalgan daqiqada urush boshlanib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Tayvanda so‘nggi kunlarda xitoyliklarning harbiy samolyotlari 52 marta mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi hududiga kirgani qayd etilgan. Suratda shunday samolyotlardan biri -  PLA Xian H-6 bombardimonchisi /EPA 

So‘nggi to‘rt kunda Pekin Tayvan havo mudofaasi hududiga son-sanoqsiz jangovar samolyotlarini yubordi. Ular orolga qadar uchib bormagan bo‘lsa-da, Chiu Kuo Chen vaziyat keskinlashgan pallada kimdir xatolikka yo‘l qo‘yib o‘q uzib qo‘yishi mumkin deb hisoblaydi.

U Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi hozirgi munosabatlarni so‘nggi 40 yil ichidagi eng murakkabi deb atadi.

U shuningdek, XXR 2025 yilda Tayvanga bostirib kirishni rejalashtirganini taxmin qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnik jihatdan Pekin bugungi kunda ham bunga tayyor, ammo yaqin kelajakda bu ishni hozirgidan ham osonroq bajarishi mumkin. Vazir o‘z prognozlari nimalarga asoslanganini aytib o‘tmagan.

Chiu Kuo Chen bu haqda parlament qo‘mitasi majlisida ma'lum qilgan, unda Tayvan qurolli kuchlari uchun bir necha milliard dollarga raketalar va harbiy kemalar sotib olish masalasi muhokama etilgan.

Tayvan armiyasi safida 300 ming atrofida harbiy bor. Suratda - 2021 yil 16 sentyabridagi manyovrlarda ishtirok etgan M60A3 tanklari

Tayvan havo hujumidan mudofaa tizimining har qanday harbiy-havo faollikni qayd etadigan kuzatuv hududi Tayvan bo‘g‘ozini to‘liq va Xitoyning materikdagi qirg‘oqlarining bir qismini qamrab oladi.

Tayvanning G‘arbdagi ittifoqchilari Xitoy o‘z harbiy qudratini namoyish etayotganidan xavotir bildirishgan, ammo AQSh prezidenti Jo Baydenning aytishicha, avvalroq xitoyliklar yetakchisi Si Jingping Vashingtonni 1971 yildan buyon Tayvan masalasida Amerika-Xitoy munosabatlarida poydevor bo‘lib kelayotgan «Yagona Xitoy siyosati»ga sodiq qolishiga ishontirgan.

 

«Men Si bilan Tayvan haqida gaplashdim. Biz Tayvan bo‘yicha kelishuvga sodiq qolish bo‘yicha kelishib oldik. U bunga zid ish qiladi deb o‘ylamayman», degandi Bayden.

Bu mintaqada so‘nggi marta jiddiy harbiy keskinlik 1996 yilda kuzatilgandi, o‘shanda Tayvandagi prezidentlik saylovlari arafasida Pekin namoyishkorona raketa sinovlari o‘tkazgan, AQSh esa bu hududga o‘z aviatashuvchilarini jo‘natgandi.

Yechimsiz qolayotgan ziddiyat
1949 yilda, xitoylik kommunistlar Gomindan bilan kechgan fuqarolik urushida g‘alaba qozongach, o‘sha vaqtdagi prezident Chan Kayshi va uning tarafdorlari Tayvanga va Penxu arxipelagiga chekinadi, Amerika floti esa Mao Tszedunga bu orollarga desant tushirishiga ruxsat bermaydi.

Tayvanda Pekinning totalitar siyosatiga qarshi tez-tez namoyishlar bo‘lib turadi / EPA

Xitoy hozirga qadar Tayvanni isyonkor provinsiyasi deb hisoblaydi va qachondir zarurat tug‘ilsa uni harbiy yo‘l bilan bo‘lsa ham qaytarishini aytib keladi.

Pekin bir necha bor Tayvan mustaqilligi haqida rasman e'lon qilinishi «qizil chiziq» bo‘lishi va bu chiziqdan o‘tish harbiy harakatlarga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirgan. Tayvan prezidenti Tsay Inven yaqinda uning mamlakati - suveren davlat ekani va buni rasmiy akt bilan tasdiqlashga hojat yo‘qligini aytgandi.

Tayvan hukumati 1990-yillargacha XXRni tan olmagan va o‘zlarini butun Xitoyning yagona legitim hukumati deb hisoblashgan.

Prezident Niksonning 1971 yilda Pekinga amalga oshirgan tarixiy tashrifidan so‘ng Qo‘shma Shtatlar «Yagona Xitoy siyosati» haqida e'lon qiladi, Tayvan bilan diplomatik aloqalar uziladi va BMT Xavfsizlik Kengashida Xitoyning o‘rni Tayvanga berilishi kerakligi borasidagi e'tirozlaridan voz kechdi.

Shu bilan birgalikda, «Yagona Xitoy siyosati» Vashington Tayvan bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va bu yerga 1979 yilda tuzilgan Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risidagi Akt (Taiwan Relations Act) doirasida qurol yetkazib berishni taqiqlamaydi.

Tayvanning maqomi
Tayvan - bozor iqtisodiyoti gullab-yashnagan demokratik davlat bo‘lib, 300 ming kishilik armiyaga ega. Ayni vaqtda BMTning 193 a'zosidan 14tasi, jumladan Vatikan tomonidan tan olingan, ammo ko‘plab davlatlar rasman tan olmasa-da Taybeydagi o‘z missiyalari (elchixona maqomida emas), byurolari va institutlari orqali iqtisodiy va konsullik aloqalari o‘rnatgan.

XXRning o‘tgan yili Hongkongda amalga oshirgan harakatlari (avvalgi kelishuvlar buzilgan holda ushbu oroldan qo‘nim topgan jinoyatchilar va mahalliy huquq faollari Xitoyga topshirilishi) Tayvan va uning ittifoqchilarida jiddiy tashvish uyg‘otgan. 

Joriy yilning 15 sentabr kuni AQSh, Britaniya va Avstraliya AUKUS nomi ostida harbiy alyans tuzishdi.

Xavfsizlik sohasidagi ekspertlarning fikricha, rasman aytilmagan bo‘lsa-da, alyans asosan Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi faollashuvini tiyib turish uchun tashkil etilgan.

Mavzuga oid
Top