11:24 / 08.10.2021
19018
Auksionda yutib olingan Malibu 7 oydan beri g‘olib nomiga rasmiylashtirib berilmagan

Chilonzor tumani MIB xodimi Baxtiyor Abdusattorov 10 dan ortiq taqiqqa ega va garovda bo‘lgan avtomobilni auksionga chiqarib yuborgan. Mashinani o‘z nomiga o‘tkaza olmay sarson bo‘lgan oilaning muammosi Kun.uz surishtiruvi davomida hal bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz’ga murojaat qilgan auksion g‘olibining aytishicha, 240 million 936 ming so‘mga tushgan avtomobilni o‘z nomiga o‘tkazishmoqchi bo‘lganida “Malibu”da 10 dan ortiq taqiq borligi ma'lum bo‘lgan. Auksion g‘olibi o‘z hisobidan avtomobilning jami 4 million so‘mdan ortiq 10 turdagi jarimalarning bir qismini to‘lagan va ayrim taqiqlarni olib tashlagan. Ammo, ayni shu “Malibu” 2019 yil dekabr oyida Sirdaryo viloyatidagi banklarning biridan olingan 7 milliard so‘m kredit uchun garovga qo‘yilgan bo‘lgan. Tabiiyki auksion g‘olibining bu taqiqni yechishga “qurbi yetmagan”.

Joriy yilning 10 mart kuni avtomobilni auksionga chiqargan Majburiy ijro byurosi Chilonzor tumani bo‘limi xodimlari esa bitta mulkni sotish uchun qo‘yilgan 10 dan ortiq (!) taqiqlarning birortasini ko‘rmagan yoki ko‘rmaslikka olgan. Shundan so‘ng auksion g‘olibi A.Alisher va uning ayoli Xorazmdan Toshkent shahriga kelib Chilonzor tumani MIBga boradi. MIB xodimi Baxtiyor Abdusattorov esa bu MIB xodimlarining xatosi bilan chiqib ketganini tan oladi.

«MIB xodimlari biz bilan gaplashgisi ham kelmadi. Ha, endi bir xatolik bo‘libdi-da, deb qo‘yishdi. Chilonzor tumani MIB davlat ijrochisi Baxtiyor Abdusattorov men ishdan bo‘shab ketishim xam mumkin, keyin kimdan talab qilasiz, dedi. Mening fikrimcha bu narsa atayin qilinganga o‘xshaydi, chunki bu xodimlar huquqshunos bo‘lsa, qiladigan ishining oqibatini bilgan. Bunda tashqari oddiy fuqarolar garovda turgan mulk u yoqda tursin, jarimasi bo‘lsa ham sota olmaydi-ku, qanday qilib MIB xodimi garovda turgan, 10 ta jarimasi bor avtotransportni sotuvga qo‘ya olgan?

Endi nima qilaylik desam, «bilmadik, xohlagan joyingizga arz qiling», deyishdi. Shuncha ovora bo‘ldik, qayerga borsam yoki ariza yozsam, xatolik ortidan auksionga qo‘yilgan degan javob keladi, lekin nima qilishimni aytishmaydi,” – deydi auksion g‘olibi.

Kun.uz bilan gaplashgan «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK mas'uli markaz faoliyatini tartibga soluvchi tegishli Nizomga muvofiq, markaz mol-mulk auksionga chiqarilishidan avval tekshirmasligini va bunday huquq ularda yo‘q ekanligini bildirdi.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, ushbu avtomobil fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2021 yil 6 yanvardagi ijro varaqasiga asosan ko‘zdan kechirilib, auksionga chiqarilgan. G‘oliblik bayonnomasiga asosan avtomobil A.Alisherga joriy yil 16 mart kuni topshirilgan.

MIB avtotransport vositalariga nisbatan tegishli vakolatli organlar tomonidan qo‘yilgan taqiq byuroning ma'lumotlar bazasida ko‘rinishini, biroq 3149-sonli prezident qaroriga asosan tasdiqlangan Nizomning 7-bandida mulkni auksionga chiqarishdagi majburiy ilova qilinadigan hujjatlar qatorida mulkda vakolatli organlar tomonidan qo‘yilgan taqiq mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinishi ko‘rsatilmaganini bildirdi.

«Bundan tashqari, ushbu Nizomning 52-bandi auksion natijalari haqidagi bayonnoma mol-mulkni taqiqdan yechish uchun asos hisoblanishi yozilganini. Bundan kelib chiqib, auksion orqali sotilgan avtotransport vositasida taqiq mavjudligi aniqlangan taqdirda, g‘oliblik bayonnomasiga asosan ushbu taqiq uni qo‘ygan vakolatli organ tomonidan bekor qilinishi lozim. A.Alisher bu holatda notariusga o‘z vaqtida murojaat qilib, bayonnomani taqdim etmagan» – deyiladi MIB bergan izohda.

«Biroq, fuqaro A.Alisherga bir necha marotaba yozma va og‘zaki tushuntirishlar berilib, elektron-onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani notarial idoralarga olib borish tushuntirilgan bo‘lishiga qaramay, A.Alisher tomonidan notarial idoralarga murojaat qilmaganligi, e'tiborsizligi sababli, shu kunga qadar auksiondan sotib olgan avtotransport vositasini o‘z nomiga rasmiylashtirmasdan kelgan.

Olib borilgan o‘rganish ishlari davomida, 7 oktabr kuni Chilonzor tumanidagi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarial idorasi orqali 10.03.2021 yil kuni elektron-onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi OA 1408-047636-sonli bayonnoma nusxasi taqdim qilingan. Shundan so‘ng, Sirdaryo viloyati Guliston shahar 6-sonli notarial idorasining 13.12.2019 yildagi ma'muriy jarima uchun bo‘lgan taqiq bekor qilingan», – deyiladi MIB rasmiy javobida.

MIB shuningdek, Chilonzor tuman bo‘limi davlat ijrochisi Baxtiyor Abdusattorov va mulkning sobiq egasi o‘rtasida o‘zaro tanish-bilishchilik aloqalari aniqlanmaganini bildirdi. Shu bilan bir qatorda A.Alisher va uning yaqinlari tomonidan murojaat qilinsa, Byuroning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi va bo‘linmalari vaziyatni o‘rganib, qonuniy baho berishi ma'lum qilindi.

MIB agar tashkilotning biror xodimi aybi bilan fuqaroga zarar yetkazilsa, tegishli organ yoki sud qarori bilan aynan o‘sha xodim hisobidan qoplanishini, xodimning harakati o‘rganilib, tegishli javobgarlik masalasi hal etilishini bildirdi.

Ko‘rib turganingizdek, fuqaro deyarli 7 oy avval auksion orqali yutib olgan va haqini to‘lagan avtomobil bugunga kelibgina uning nomiga to‘liq o‘tdi. MIB esa bunday holatda fuqaroga hech qanday zarar yetmagan deyapti. Bundan tashqari MIB fuqaroni ogohlantirganini tasdiqlovchi birorta hujjat taqdim qilmadi, fuqarolar esa byuro xodimlari ularni ogohlantirganini rad qilmoqda.

Top