17:32 / 08.10.2021
8177
Murojaatlarning katta qismi pensiya miqdori kamligi haqida. Pensiya kamligi nimaga bog‘liq? 

“Pensiya borasida kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati pensiya kamligi bilan bog‘liq. Biroq pensiya miqdori ish staji va daromadga qarab belgilanadi”, – deydi Pensiya jamg‘armasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Murodova. U ishsiz yoshlarni hozirdan pensiya borasida qayg‘urishga, ijtimoiy to‘lovni bir yilda bir marta to‘lab, bir yillik stajga ega bo‘lishga chaqirdi.

7 oktyabr kuni Pensiya jamg‘armasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i va shahar xalq qabulxonasi mas'ullari aholi bilan pensiya va nafaqalar ta'minoti borasida sayyor qabul o‘tkazdi.

Aholi asosan pensiya miqdorining kamligi borasida mas'ullarga murojaat qildi.

Boshqarma boshlig‘i Gulnora Murodova Kun.uz’ga bergan intervyusida nima sababdan pensiya kam hisoblanishi va pensiya tizimiga oid hozirgi holat haqida gapirdi.

Gulnora Murodova

“Hozirda ham pensiya ta'minotida odamlarda norozilik bor, yo‘q demayman. Fuqarolar pensiyaning minimal miqdorlari kamligidan shikoyat qilishadi. Hozirgi kunda to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan pensiyalar miqdori 440 ming so‘mni tashkil etadi. Shahar bo‘yicha qachon sayyor qabulga borsam, shu tayinlangan 440 ming so‘mlik pensiya miqdori kamligidan murojaatlarni eshitaman: kommunal xizmatlar, dori-darmon bor, yetmaydi deb e'tiroz bildirishadi. Pensiya tayinlanishi fuqaroning o‘zining oylik ish haqi miqdori va boshqa rasmiy daromadlariga bog‘liq. Qanchalik ko‘p daromad va ish stajiga ega bo‘lsa, pensiya ham shuncha ko‘p bo‘ladi.

Minimal miqdorga to‘xtaladigan bo‘lsak, aynan fuqarolarning takliflariga asosan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab minimal pensiyalar miqdori 256 ming so‘mdan birdan 400 ming so‘mga ko‘tarildi. Pensiyalarning kam miqdorlari bosqichma-bosqich ko‘tarib borilishini aholiga tushuntiryapmiz.

Respublika aholisi, ayniqsa yoshlar, hozirdan pensiyasini o‘ylashlari kerak. Fuqaro hozirda ishsiz yurib, daromadga ega bo‘lmasa, ushbu davrlari mehnat stajiga kirmaydi. Ushbu davr uchun hech qanday to‘lov to‘lab berilmaydi. Qachonki, fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, BHMning bir barobari miqdorida ijtimoiy soliqni to‘lab borsa, bir yillik ish stajiga o‘tadi.

Bir yilda bir marta 270 ming so‘m to‘lagan fuqaro kelajakda bir yil band bo‘lgan hisoblanib, shu yil ish stajiga o‘tadi.

Ko‘pchilik, bir yillik staj hisoblanishi uchun to‘lanadigan 270 ming so‘mni har oy to‘lash kerak deb tushunadi. Yo‘q, unday emas. Bir yilda bir marta to‘lansa, bir yillik stajga o‘tadi”, – deydi Gulnora Murodova.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq pensiya va nafaqalar miqdori joriy yilning iyul oyidan oshirilgandi.

Shuningdek, avgust oyida O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 4 millionga yaqinlashgani ma'lum qilindi.  

Top