16:02 / 08.10.2021
5665
«O‘zbekistonning afg‘on yo‘nalishida pinhona kun tartibi yo‘q» - Abdulaziz Komilov

Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegarani ochganini hamda ushbu mamlakatga birinchi galda zarur bo‘lgan mahsulotlar - oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yilganini ma'lum qildi. Shuningdek, rasmiy Toshkent Afg‘onistonning xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan davlat aktivlarini qayta ochishni yoqlamoqda.

Foto: t.me/mfaspokesperson

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov toliblar hukumatga kelishi ortidan Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy munosabatlarga jalb etish hamda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqligini vaqtincha ortga surib turish haqidagi qarashlar noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.

Abdulaziz Komilovning fikricha, bunday fikrlar mualliflari Afg‘onistonda kechayotgan jarayonlar va O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mohiyatini yetarlicha anglamaydi. Ayni vaqtda Afg‘onistonda vaziyat mintaqadagi keskinlikning omili bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, ushbu davlatni nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki mintaqaviy konstruktiv va yaratuvchan loyihalarga asos bo‘ladigan yangi imkoniyatlar manbasi hamdir.

«Biz Afg‘oniston xalqaro izolyatsiyaga tushib qolishi va janubiy chegaramizda «yakkalab qo‘yilgan» davlat paydo bo‘lishiga, o‘tgan asrning 90-yillari oxiridagi ahvol takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik O‘zbekiston manfaatlariga mos keladi, deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston bu masalaga nafaqat Afg‘onistonning yakkalanib qolishini bartaraf etish, shuningdek, unga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini faollashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda ham yondashmoqda. Biz bu mamlakat bilan chegarani ochdik va birinchi galda zarur bo‘lgan mahsulotlar — oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta yo‘lga qo‘ydik. Shuningdek, rasmiy Toshkent Afg‘onistonning xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan davlat aktivlarini qayta ochishni yoqlaydi hamda jahon hamjamiyatini Afg‘onistonda ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni davom ettirishga da'vat etmoqda», – deydi O‘zbekiston tashqi siyosat idorasining rahbari.

Shuningdek, Komilov yuqoridagi vazifalarni hal etish maqsadida 7 oktabr kuni O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi Kobulda bo‘lib, Afg‘oniston rahbariyati va Muvaqqat hukumat a'zolari bilan konstruktiv muloqot o‘tkazganini qayd etdi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonga ijtimoiy-iqtisodiy yordamni davom ettirish gumanitar inqirozning oldini olish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun o‘ta muhim ekaniga ishonadi.

«O‘zbekistonda afg‘on yo‘nalishida qandaydir pinhona yoki mavhum ma'noli kun tartibi yo‘q. Bizning nuqtayi nazarimiz aniq-ravshan, harakatlarimiz shaffof va amaliy mazmunga ega. O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afg‘on zamini mintaqa mamlakatlari va xalqaro xavfsizlik uchun bundan buyon tahdid solmasligi kerak. Barqaror, tinch va farovon Afg‘oniston ko‘p millatli afg‘on xalqining hamda xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga javob beradi.

Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mustahkamlanishi uchun to‘siq emas, balki ko‘prik bo‘lmog‘i lozim. Bunga xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bundan keyin ham ilgari surishni niyat qilayotgan transafg‘on transport-kommunikatsiya loyihalari ko‘maklashadi», – dedi Abdulaziz Komilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida.

Top