14:10 / 08.10.2021
9196

Surxondaryoda maktab filiali degan eskilik sarqitidan butunlay xalos bo‘lamiz - Shavkat Mirziyoyev

Surxondaryoda kelgusi besh yilda maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasi 41 foizdan 62 foizga yetkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Bu borada joriy yilda maxsus dastur qabul qilindi. Unga muvofiq, Bandixon, Boysun, Denov, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Sherobod, Sho‘rchi, Qiziriq, Qumqo‘rg‘onning qishloq joylarida yangi oilaviy bog‘chalarga zarur jihozlarni sotib olish uchun 30 million so‘mdan subsidiya berilmoqda.

Olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarda, bir nafar tarbiyalanuvchi uchun sarflanadigan xarajatlarning 75 foizi qoplab berilmoqda. Shu bilan birga, kelgusi besh yilda viloyatda 47 ta davlat va xususiy sheriklik asosidagi 758 ta oilaviy bog‘cha ochiladi, 75 ta davlat bog‘chasi ta'mirlanadi. Ushbu ishlarga budjetdan 700 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, qo‘shimcha 30 ming nafar bolajonlarimizga bog‘chaga borish imkoniyati yaratiladi. 

Kelgusi besh yilda maktablarni ta'mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangi milliy dastur qabul qilinadi. Avvalo, maktablar sig‘imini oshirish uchun viloyatda 96 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Buning uchun 21 ta yangi maktab va 358 ta maktablarda yangi binolar quriladi, 116 ta maktab mukammal ta'mirlanadi. Shu orqali Surxondaryoda  maktab filiali degan eskilik sarqitidan butunlay xalos bo‘lamiz.

Yoshlarimiz vaqtini samarali o‘tkazish uchun Surxondaryodagi maktablar o‘ziga xos ta'lim va ma'rifat markazlariga aylantiriladi. Bu yerda o‘quvchilar ta'lim olish bilan birga, sport, musiqa va san'at bilan shug‘ullanishi, Ay-Ti texnologiyalari va zamonaviy kasblarni, o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Buning uchun Surxondaryo maktablarida 320 ta sport va 311 ta ma'rifat zallari bunyod etiladi va to‘liq jihozlanadi. 389 ta kompyuter sinfxonalari, 741 ta texnologiya ustaxonalari va 776 ta maktab kutubxonalari jihozlanadi hamda zamonaviy adabiyotlar bilan ta'minlanadi. Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Bandixon tumanlari va Termiz shahrida Ay-Ti, matematika, kimyo-biologiya fanlariga ixtisoslashgan 19 ta maktab tashkil etiladi.

Eng asosiy masala - o‘qituvchilar sifat tarkibini yaxshilash. Shuning uchun viloyatdagi 5 ming nafar o‘rta maxsus ma'lumotli muallimlarning malaka oshirishi uchun pedagogika yo‘nalishida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi. Oliy ta'lim qamrovi 25 foizdan 50 foizga yetkaziladi. Buning uchun viloyatda 3 ta yangi oliygoh tashkil etiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top