18:21 / 09.10.2021
14492
21:3 hisobidagi ustunlik. O‘zbekiston milliy jamoasi uchun eng oson raqibga qarshi o‘yin oldidan
Foto: O‘FA

FIFA kunlarida Iordaniya poytaxti Ammanda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etgan O‘zbekiston millliy jamoasi bugun, 9 oktyabrda Malayziyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Srechko Katanets qo‘l ostidagi ikkinchi o‘yinda sloveniyalik bosh murabbiy tarkibda yangi futbolchilarni sinab ko‘rishi kutilmoqda.

Tarkib: Shomurodov keldi, Yaxshiboyev yo‘q

Srechko Katanets Ammandagi yig‘in doirasida Malayziya va Iordaniyaga qarshi o‘yinlar uchun 24 nafar o‘yinchini milliy jamoaga jalb etgan. Ular orasidan Eldor Shomurodov Italiyadan Toshkentga emas, to‘g‘ri Iordaniya poytaxtiga yetib kelgan bo‘lsa, Yaxshiboyev jarohati sababli yig‘inga kela olmadi. Uning o‘rniga esa «Lokomotiv» futbolchisi Azizbek Amonov chaqiruv oldi. Quvonarlisi, avvalgi yig‘inlardan farqli ravishda bu safar milliy jamoa hujum zaxirasi yaxshi sport formasida bo‘lgan forvardlar bilan to‘lgan.

Foto: O‘FA

Darvozabonlar: Eldor Suyunov («Paxtakor»), Valijon Rahimov (OKMK), O‘tkir Yusupov («Navbahor»)

Himoyachilar: Farrux Sayfiyev («Paxtakor»), Ibrohimxalil Yo‘ldoshev («Nijniy Novgorod»), Hojiakbar Alijonov («Paxtakor»), Dilshod Saidov («Nasaf»), Islom Qobilov («Lokomotiv»), Rustam Ashurmatov («Gangvon»), Doston Tursunov («Chunsin»), Husniddin Aliqulov («Nasaf»), Abdulla Abdullayev («Bunyodkor»)

Yarimhimoyachilar: Odil Hamrobekov («Paxtakor»), Akmal Mozgovoy («Nasaf»), Otabek Shukurov («Sharja»), Oybek Bozorov («Nasaf»), Doston Hamdamov («Paxtakor»), Aziz G‘aniyev («Shabab al-Ahli»), Jaloliddin Masharipov («An-Nassr»)

Hujumchilar: Shahboz Umarov (BATE), Eldor Shomurodov («Roma»), Igor Sergeyev («Tobol»), Husayn Norchayev («Nasaf»), Azizbek Amonov («Lokomotiv»).

Nega aynan Malayziya tanlandi?

O‘zbekiston milliy jamoasining Malayziya va Iordaniyaga qarshi o‘yini oldidan Srechko Katanets Ammandagi yig‘in, sparring raqiblar va tarkib borasida fikrlarini bildirdi.

«Malayziya va Iordaniya milliy jamoalari hozirgi kungacha O‘FAda bo‘lgan takliflar orasidan raqib sifatida tanlab olindi. Aynan ularga qarshi o‘ynayotganimiz uchun alohida sabab yo‘q. Ularga qarshi o‘ynaymiz, deb talab ham qo‘ymaganmiz. Hozirgi kunda bilamizki, o‘rtoqlik o‘yinlar uchun raqib topish ancha mushkul. Qolaversa, bunday rejalar kamida 6 oy yoki bir yil oldin amalga oshirilishi kerak. O‘zbekistonda ish boshlaganimga ko‘p bo‘lmagani uchun o‘rtoqlik o‘yinlariga raqib tanlash imkoniyati bo‘lgani yo‘q. Shu bois mavjud raqiblar orasidan Malayziya va Iordaniya tanlandi. Ikkita o‘rtoqlik o‘yinlarida barcha futbolchilarga imkonqadar o‘yin amaliyotini berishga intilamiz», - deydi Srechko Katanets.

6 o‘yinda 6 g‘alaba – Malayziya biz uchun qanday raqib?

Foto: Getty Images

FIFA reytingida 86-o‘rinda borayotgan O‘zbekiston 153-pog‘onadagi Malayziya milliy jamoasini o‘zaro 6 o‘yinda 6 marotaba mag‘lub etgan. Shu bois ularni eng oson raqib sifatida ko‘rsatsak bo‘ladi. Raqib ustidan qozonilgan eng yirik g‘alaba 1994 yil Rustam Akromov qo‘l ostida Osiyo O‘yinlarida va 2007 yilgi Osiyo kubogida erishilib, o‘shanda Rauf Inileyev murabbiyligidagi vakillarimiz 5:0 hisobida zafar quchishgan. To‘plar nisbati – 21:3, bizning foydamizga.

Foto: Getty Images

O‘zaro o‘yinlar:

1994 yil: O‘zbekiston – Malayziya 5:0

1999 yil: O‘zbekiston – Malayziya 3:0

2001 yil: Malayziya – O‘zbekiston 1:2

2001 yil: Malayziya – O‘zbekiston 0:5

2009 yil: O‘zbekiston – Malayziya 3:1

2009 yil: Malayziya – O‘zbekiston 1:3

O‘zbekiston – Malayziya o‘yini jonli efirda namoyish etiladimi?

Ammandagi uchrashuv «Sport» telekanalida namoyish etilishi haqida ma'lumot berilmagan. Shunga qaramay, uchrashuvni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Youtube tarmog‘idagi sahifasida jonli efirda tomosha qilish mumkin bo‘ladi. O‘FA matbuot xizmati uchrashuv internet orqali translatsiya qilinishini ma'lum qilgan.

Foto: Getty Images

Anons. 9 oktabr (shanba)

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi.

O‘zbekiston – Malayziya

Amman xalqaro o‘yingohi.

O‘yin boshlanish vaqti: 20:00

Translatsiya: O‘FA yutub kanali.

Top