12:00 / 09.10.2021
13412
BuxDTI talabalari Qorako‘l aholisiga keng tarqalayotgan kasalliklarga qarshi kurashishda yordam beryapti

Buxoro davlat tibbiyot institutining klinik kafedralari viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi tibbiyot birlashmalarida tashkil etilgan. Bu safar institut rektori Shuhrat Teshayev boshchiligidagi talabalar Qorako‘l tumanida bo‘lishdi.

Foto: Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmat

Sog‘lom turmush tarzining qaror topishi, jumladan, faol jismoniy harakatda bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda zararli odatlardan voz kechish inson salomatligini asrashda muhim o‘rin tutadi. Hozirda butun dunyo globallashuv asrida yashamoqda. Texnologiyalarning rivojlanishi, turmush tarzining o‘zgarishi bilan odamlarning harakatlanishi va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishi kamaydi. Tamaki mahsulotlari chekadigan va spirtli ichimlik ichadigan insonlar ko‘paydi. Tarkibida yog‘, qand va tuz miqdori yuqori bo‘lgan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari iste'moli oshdi. Shuningdek, aholining ovqatlanish odatlari o‘zgardi, jumladan, sabzavot va mevalarni yetarli iste'mol qilmaslik, tuzni me'yordan ortiq iste'mol qilish holatlari ham ko‘paydi. Bu esa o‘z navbatida, turmush tarzining o‘zgarishi, tana vaznining ortishi, semizlik, qonda xolesterin miqdorining oshishi va oqibatda, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmat
Foto: Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmat

Bunday globallashuv sharoitida yuqoridagi holatlar dunyo davlatlari qatori yurtimiz uchun ham xos bo‘lib boryapti. Shu bois ushbu vaziyatga davlatimiz tomonidan jiddiy yondashilmoqda. Prezidentimiz 2021 yil 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ham sog‘liqni saqlash tizimiga alohida e'tibor bergani bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘pligidan dalolat. Tashrif davomida Prezident institut rektoriga uzoq tumanlarda institutning klinik kafedralari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va muntazam faoliyat olib borilishini nazorat qilish vazifasini topshirgan edi. Shunga muvofiq, Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasida Buxoro davlat tibbiyot institutining "Pulmonologiya va ftiziatriya" hamda "Onkologiya va tibbiy radiologiya" kafedralari filiali tashkil etilgan edi. Mazkur kafedralar bugungi kunda ish faoliyatini olib bormoqda.

Foto: Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmat

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Shuhrat Teshayev boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar va talabalar Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Birlashma boshlig‘i Elyor Oltiyev talabalar bilan birgalikda shifoxonada davolanayotgan bemorlar bilan muloqot qildi. Bu yerda tashkil etilgan yangi gemodializ markazi faoliyati bilan tanishtirdi.

Foto: Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmat
Foto: Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmat

Bundan tashqari, talabalar hudud aholisi orasida gripp va o‘tkir respiratorli kasalliklar, qandli diabet, ortiqcha vazn hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlarini olib borishdi. Shu bilan birga, xonadonlarda bo‘lib, aholiga institutda tayyorlangan grippdan himoyalanish haqida ma'lumotlarga ega buklet va targ‘ibot materiallarini tarqatishdi.

Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati Ⓣ

Top