22:11 / 09.10.2021
21370
Debyutantlardan debyut gollar, Katanetsda dastlabki g‘alaba. O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinida Malayziyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston milliy jamoasi Srechko Katanets qo‘l ostidagi ikkinchi uchrashuvda Malayziyaga qarshi o‘rtoqlik bahsida maydonga tushib, yirik hisobda g‘alaba qozondi.

Foto: O‘FA

Iordaniya poytaxti Ammanda o‘tgan o‘yinda sloveniyalik murabbiy yangi nomlarni ham sinovdan o‘tkazdi. Birinchi bo‘limda Masharipov – Sayfiyev juftligi harakat qilgan chap qanot ancha faol to‘p surdi. Natijada Dostonbek Hamdamov milliy jamoadagi ilk dublini rasmiylashtirgan bo‘lsa, debyutant Husayn Norchayev ilk golini kiritdi. Raqib bo‘lim yakunida himoyadagi sustkashlikdan foydalandi – 3:1.

Ikkinchi bo‘limda esa Farrux Sayfiyev o‘rniga chap qanot himoyasida maydonga tushgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev ham undan qolishmadi. U Masharipovning uzatmasini golga aylantirib, milliy jamoadagi debyut golini kiritdi – 4:1.

Foto: O‘FA

88-daqiqada esa zaxiradan maydonga tushgan Azizbek Amonov ham milliy jamoadagi debyut golini rasmiylashtirdi – 5:1. Bu hujum ham Masharipov tomonidan boshlangan edi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi Katanets qo‘l ostidagi ikkinchi o‘rtoqlik bahsida birinchi g‘alabasiga erishdi. Navbatdagi o‘rtoqlik o‘yini 12 oktabr kuni Ammanda mezbon Iordaniyaga qarshi o‘tkaziladi.

Foto: O‘FA

9 oktabr (shanba)
Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi.
O‘zbekiston – Malayziya - 5:1
Amman, Iordaniya.

Gollar: Dostonbek Hamdamov 17, 29, Husayn Norchayev 33, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev 68, Azizbek Amonov 88 - Badrol Baxtiyar 45+1.
O‘zbekiston: Valijon Rahimov, Rustamjon Ashurmatov (Doston Tursunov, 71), Husniddin Aliqulov, Farrux Sayfiyev (Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, 60), Dilshod Saitov, Otabek Shukurov (Akmal Mozgovoy, 60), Aziz G‘aniyev, Jaloliddin Masharipov, Dostonbek Hamdamov (Shahboz Umarov, 71), Husayn Norchayev (Aziz Amonov, 80) Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 60).
Malayziya: Xairul Faxmi, Rizal G‘azali, Aidil Zafuan, Irfon Zakariyo, Orif Fadzilah, Akram Mahinan, Kenni Pallaraj, Faysal Halim, Badrol Baxtiyar, Abdullah Hakimi (Siyofiq Ahmad, 38) Luqmon Hakim.

Foto: O‘FA
Top