21:43 / 09.10.2021
5740
Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi xodimlarning atigi 10 foizi – soha mutaxassisi - Bosh prokuratura
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

9 oktabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori O‘ktam O‘tayev Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida prokuratura organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, qimmatbaho daraxtlarni kesishga qarshi e'lon qilingan moratoriyga qaramasdan 2,8 mingta qimmatbaho va 2 mingdan ziyod kam qiymatli daraxtlar noqonuniy kesilgan.

Bu holatlar Surxondaryoda – 242 ta, Jizzax va Xorazmda – 238 tadan, Navoiyda – 212 ta, Toshkent shahrida – 201 tani tashkil etadi.

“Achinarlisi, daraxtlarni saqlab qolishga, ularni ko‘chirib o‘tqazishga yo‘naltirilgan tizim mavjud emas, shuningdek, kesilgan daraxtlar o‘rniga boshqa zarur joylarga yangi ko‘chatlar ekish tartiblari, daraxtlarni qirqish va ularga shakl berish qoidalari ishlab chiqilmagan. Ekologiya va atrof-muhitni himoya qiluvchi mansabdor shaxslar daraxtlar kesilishining oldini olish o‘rniga tabiatga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yishmoqda.

Qo‘mita tizimida daraxt va butalar bo‘yicha “arborist”, “fitopatolog”, “dendrolog” va “entomolog” mutaxassislari yo‘qligi oqibatida mutaxassisligi to‘g‘ri kelmaydigan xodimlar tomonidan ularning kesilishiga xulosa berib kelinmoqda. Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi 2 mingdan ortiq xodimlarning atigi 10 foizi soha mutaxassisi hisoblanadi”, — dedi O‘ktam O‘tayev.

Bosh prokuratura mutasaddisining ma'lum qilishicha, hududlardagi mavjud katta yoshdagi daraxtlarning ko‘p qismi kasallangan bo‘lishiga qaramay hokimliklarda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxt va butalarni parvarish qilish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha mas'ul shaxslar belgilab qo‘yilmagan.

Top