03:48 / 09.10.2021
9722

Singapurlik olim yangi turdagi koronavirus paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi

Foto: Zuma

Singapurlik olim Van Linfa Sars-CoV-2 koronavirusi odamdan hayvonlarga qayta o‘tishi va ularda bir qator mutatsiyalarga uchragach, yana odamga yangi koronavirus Sars-CoV-3 ko‘rinishida yuqishi hamda yangi pandemiyaga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasining sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha uchrashuvida AQSh-Singapur tibbiyot universiteti Duke-NU professori bo‘lgan Linfa pandemiya vaqtida uy hayvonlari o‘z egalaridan koronavirus yuqtirib olgan holatlar qayd etilganini ta'kidlab o‘tgan.

“Misol uchun, bu Sars-CoV-2 bilan kasallangan odam o‘z ortidan oxirigacha yeyilmagan mevani qoldirganda, so‘ngra uni ko‘rshapalak topib yeganda yuz berishi mumkin”, deb olimning so‘zlarini keltirgan Straits Times nashri.

Bunday holatda, koronavirus ko‘rshapalak organizmida mutatsiya qilib, so‘ngra boshqa hayvonga o‘tishi va unda yana bir necha mutatsiyaga uchrashi mumkin. Bunda hosil bo‘lgan yangi viruslardan biri yana odamga yuqishi mumkin.

“Bu holat Amerika qit'asida yuz berishi mumkin. Bu yerda Sars-CoV-2 koronavirusi Osiyoda bo‘lgani kabi, hozircha mahalliy ko‘rshapalaklar organizmida yo‘q”, deb ta'kidlab o‘tgan olim.

Van Linfa koronavirus pandemiyasining boshida JSSTning favqulodda qo‘mitasi a'zosi bo‘lgan. U, shuningdek, koronavirusning odamga oraliq bo‘g‘in sifatidagi boshqa hayvondan yuqishi mumkinligi isbotlangan tadqiqotlarda ishtirok etgan.

Olim yangi mutatsiyalar paydo bo‘lishi oldini olish choralari sifatida ko‘rshapalaklar va boshqa yovvoyi hayvonlardagi yangi kasalliklar, ularning insonga o‘tishi mumkinligi ortidan kuzatish va kasalliklar avj olishi ortidan doimiy kuzatuvning ishonchli tizimini ishlab chiqishni taklif etgan.

Top