19:35 / 09.10.2021
8553
“Tolibon” delegatsiyasi Qatarda AQSh diplomatlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Delegatsiya yaqin kunlarda Yevropa ittifoqi vakillari bilan ham uchrashadi.

Foto: Sorin Furcoi/Al Jazeera

“Tolibon” harakati Doha shahrida amerikalik diplomatlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Qatarning Al Jazeera telekanali xabar berdi.

“Afg‘oniston islom amirligi” delegatsiyasi Qatar poytaxtida amerikalik hamkasblari bilan uchrashdi. Muloqotlar ertaga ham davom ettiriladi”, – deya Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi mavlaviy Amir Xon Muttaqiyning so‘zlaridan iqtibos keltiradi telekanal.

Toliblar vakilining ta'kidlashicha, harakat “Amerika tomoniga Kobul va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochishni taklif etgan”, shu bilan birga, amerikaliklarni “Afg‘onistonning suverenitetini hurmat qilish va uning ichki ishlariga aralashmaslikka” chaqirgan.

Ma'lumot berilishicha, toliblar yaqin kunlarda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.

7 oktyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingandi.

Top