08:44 / 10.10.2021
7347
Avstriya kansleri iste'foga chiqdi. U jurnalistlarni sotib olishda ayblanayotgandi

Avstriya kansleri Sebastyan Kurs o‘z lavozimidan iste'foga chiqishi haqida e'lon qildi. Bir necha kun muqaddam mamlakat prokuraturasi unga qarshi korrupsiya ayblovi bo‘yicha surishtiruv boshlagandi.

Foto: Reuters

Prokuratura u va uning atrofidagilar Avstriyadagi tabloidlardan biriga uning siyosiy faoliyatini ijobiy bo‘yoqlarda tasvirlash evaziga davlat hisobidan to‘lov qilishganini gumon qilmoqda.

Tergov fikriga ko‘ra, ular davlat mablag‘lariga so‘rovnomalarning hukmron partiya foydasiga soxtalashtirilgan natijalarini sotib olgan.

Bundan tashqari, iqtisodiyot va korrupsiya ishlari bo‘yicha prokuratura Kursni vazirlar mahkamasi rahbarining koalitsiyasini parokanda qilgan va muddatidan saylovlar o‘tkazilishiga olib kelgan «Ibitsa ishi» bo‘yicha gumonlanuvchilar ro‘yxatiga kiritgan. Qayd etilishicha, Sebastyan Kurs avvalgi tergov vaqtida yolg‘on guvohlik berganlikda gumon qilinmoqda.

6 oktabr kuni korrupsiya ishi bo‘yicha surishtiruv doirasida Kursning bir necha maslahatchilari ish kabinetlarida tintuvlar o‘tkazilgani ma'lum bo‘lgandi. Gumonlanuvchilar ro‘yxatidan maslahatchi Shtefan Shtayner, OAV bilan ishlash bo‘yicha mas'ul Gerald Flyayshmann, moliya vazirligi bosh kotibi Tomas Shmidt, bir necha nafar matbuot kotiblari va sobiq rasmiy shaxslar o‘rin olgan.

Prokuratura bayonotida nashr nomi keltirilmagan, ammo Avstriya matbuoti ma'lumotlariga ko‘ra gap Osterreich tabloidi haqida gap ketgan. Ushbu gazetaga egalik qiladigan holding Kurs uchun foydali bo‘lgan so‘rovnoma tashkillashtirish uchun davlatdan mablag‘ olmaganini bildirib chiqqan.

Shanba kuni Sebastyan Kurs televideniye orqali chiqish qilgan hamda mamlakatda siyosiy inqiroz va xaos yuzaga kelishining oldini olish uchun lavozimini tark etishini ma'lum qildi.

Juma kuni Kursning partiyasi hisoblangan Avstriya xalq partiyasi va «Yashillar» partiyasini o‘z ichiga olgan Avstriya hukumati halokat yoqasiga kelgandi. «Yashillar» yetakchisi Verner Kogler Kursga qarshi surishtiruv ishlari boshlanishi uni hukumat boshqaruvi uchun nomunosib shaxsga aylantirganini ma'lum qildi.

«Bizga barqarorlik kerak», dedi 35 yoshli Sebastyan Kurs iste'fosi haqidagi chiqishida va mamlakat pandemiya bilan kurashayotgan chog‘da Avstriyani siyosiy inqiroz holatida qoldirish katta mas'uliyatsizlik bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Sebastyan Kurs kansler lavozimiga mamlakat tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenbergning nomzodini taklif etdi, shu bilan birga, u Avstriya xalq partiyasi raisi lavozimini saqlab qoladi va uning parlamentdagi fraksiyasiga rahbarlik qilishda davom etadi.

«Yashillar» hozircha Shallenbergni kansler lavozimiga tayinlash bo‘yicha taklifga javob bermadi.

Kurs prokuratura ayblovlaridagi holatlarga yo‘l qo‘yganini inkor etgan va jurnalistlarni sotib olish bo‘yicha ayblovlarni yolg‘on deb atagan.

Top