21:41 / 10.10.2021
24303

Pandoraning og‘zi ochilishi, eng ko‘p jurnalisti o‘ldirilgan nashr uchun Nobel va o‘zgarmayotgan Afg‘oniston. Hafta xabarlari dayjesti

Pandora hujjatlarida MDH hududidan kimlar bor? Muratovga Nobel berilishi nega rus muxolifatini norozi qildi? Hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tsa ham nega mamlakatda tinchlik o‘rnatilmayapti? Kun.uz yakunlangan haftaning trendda bo‘lgan asosiy mavzularini eslaydi.

Pandora hujjatlari — haftaning eng shov-shuvli yangiligi

Dunyo rahbarlari, siyosatchilar va milliarderlarning maxfiy boyliklari hamda moliyaviy hujjatlarini fosh etgan «Pandora hujjatlari» yakunlangan haftani tarixga muhrlagan voqea bo‘ldi. Hujjat butun dunyo internet foydalanuvchilari orasida keng muhokama qilindi: hamma o‘z davlatining siyosatchilarini izladi, fikr bildirdi va bu hujjatning e'lon qilinishi Chexiyadagi saylov natijasiga ham ma'lum darajada ta'sir ko‘rsatdi.

3 oktabr kuni Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi «Pandora hujjatlari»ni e'lon qildi. «Pandora arxivi»dan jami 12 million hujjat o‘rin olgan. Ofshor sxemalarga dunyo siyosatchilari, ko‘plab amaldorlar va shou-biznes yulduzlarining aloqasi borligi aniqlangan. Unda britaniyalik tadbirkor, telekommunikatsiya magnati va Buyuk Britaniya konservativ partiyasining yirik donorlaridan biri Muhammad Amersining O‘zbekiston bilan aloqasi qayd etilgan. U 2007-2013 yillarda Shvetsiyaning Telia kompaniyasi maslahatchisi bo‘lgan. Ushbu kompaniya korrupsiyaga qarshi tergov doirasida AQSh va Niderlandiya rasmiylariga 965 million dollar to‘lagan.

Sizdirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda Shvetsiyaning Telia kompaniyasi maslahatchisi bo‘lib ishlagan Muhammad Amersi offshor shirkatga 220 million dollar to‘lov o‘tkazish jarayonida ishtirok etgan. Ushbu offshor shirkatni esa O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova nazorat qilgan. AQSh hukumati ushbu to‘lovni «220 million dollarlik pora» sifatida e'tirof etgan. Telia o‘sha paytda O‘zbekistondagi faoliyati uchun yangi ruxsatnoma olishga intilayotgan bo‘lgan.

Arxivda dunyoning boshqa mashhur siyosatchilari ham uchraydi. Masalan, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler, Pokiston bosh vaziri Imron Xon, Chexiya hukumati rahbari Andrey Babish, Iordaniya qiroli Abdulla II, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev shular jumlasidan.

1999 yilda Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyevning ikkinchi norasmiy rafiqasi - Asel Kurmanbayeva borligi haqida mish-mishlar tarqalgan. O‘shanda 18 yoshda bo‘lgan Asel «Miss Qozog‘iston» go‘zallik tanlovida g‘olib chiqqandi. Qozog‘istonda farzandlarga boboning emas balki otaning ismini familiya sifatida berish ko‘p uchraydi, yangiliklar saytlarida e'lon qilingan xabarlarda Kurmanbayevning o‘g‘illari Nursultono‘g‘li nasabini olgani ma'lum bo‘lgan. Pandora hujjatlarida Kurmanbayevaning qozog‘istonlik oligarxlardan hech qanday tijoriy faoliyat olib bormagan kompaniyaning 30 million dollarlik aksiyalarini qabul qilib olgani fosh bo‘ldi. Bundan tashqari, Kurmanbayevaning firmalari Nazarbayev fondi bilan tijoriy aloqada bo‘lgan: bir necha holatlarda ikki tomon deyarli hamkorlikda biznes olib borgan.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va uning oilasi o‘z mamlakatini talon-toroj qilishda ayblangan. So‘nggi yillarda Aliyevlar va ularning yaqin sheriklari Buyuk Britaniyada 400 million funt sterlingdan ziyod mulkiy bitimlar tuzishgan. Xususan, prezidentning 11 yoshli o‘g‘li Haydar Aliyev uchun Londonda 33 mln dollarlik mulk xarid qilingan. Mayfeyrdagi yana bir bino esa Ilhom Aliyev oilasiga tegishli Mallnick Holdings tomonidan sotib olingan va bir oy o‘tib mulk Aliyevlar bilan oilaviy yaqin aloqalari bor Gaydar kompaniyasi tomonidan qayta xarid qilingan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2012 yilda «Kvartal 95» studiyasidagi hamkorlari bilan ofshor firmalar tarmog‘ini tashkil qilgani haqida ma'lumotlar berildi. Bu ishlar mablag‘larni hukumat va jinoiy guruhlardan himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan. Tarmoqni ayni vaqtda Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari hisoblangan Ivan Bakanov boshqargan bo‘lishi mumkin. Yuqorida qayd etilgan kompaniyalar orqali Zelenskiyning hamkorlari Londondan bir necha kvartira xarid qilgan. Zelenskiy prezidentlikka saylanishidan avvalroq Britaniyaning Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan Maltex Multicapital Corp. asosiy firmasidagi oilaviy ulushni o‘zining «Kvartal»dagi ko‘p yillik hamkori Sergey Shefirga sotgan va u ayni paytda prezidentning birinchi yordamchisi hisoblanadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchinchi qizini dunyoga keltirgani taxmin qilinadigan Svetlana Krivonogix ham hujjatlarda eslab o‘tilgan. Shuningdek, ushbu arxivda «Perviy kanal» bosh direktori Konstantin Ernst, «Rostex» oilasi rahbari Sergey Chemezov, prezident administratsiyasi rahbari Anton Vayno hamda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning kuyovi Aleksandr Vinokurovga aloqador ma'lumotlar ham mavjud.

Pandora hujjatlari kabi hujjatlar rad etib bo‘lmas dalillarga asoslanmasa-da, ular ortidan jiddiy choralar ko‘rilmasa-da, rasmiy shaxslarni sergaklikka, poradan tiyilishga chaqirib turadi. Shuningdek, zamonaviy dunyoda noqonuniy harakatlar ommaviy axborot vositalari nazaridan chetda qolmasligini ta'minlaydi, korrupsiyani jilovlashga xizmat qiladi.

Ushbu hujjatlar ochiqlanishi ortidan Chexiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda hujjatlarda nomi tilga olingan Andrey Babish partiyasi yutqazdi - bosh vazirning offshor bo‘yicha ma'lumotlari fosh bo‘lishi ham saylovchilar qaroriga ta'sir qilgani istisno qilinmayapti.

Bu orada Buyuk Britaniya hukumati «Pandora arxivi»da keltirilgani ma'lumotlarni o‘rganib chiqmoqchiligini ma'lum qildi. Qirollik moliya vaziri Rishi Sunakning aytishicha, Buyuk Britaniya soliq organlari moliyaviy hujjatlarni tekshirib chiqadi.

Facebookda global nosozlik

4 oktabr kuni keng ko‘lamli nosozliklar oqibatida butun dunyoda olti soat mobaynida 3,5 mlrd.dan oshiq foydalanuvchilar Facebook, Instagram, Messenger va Whatsapp’dan uzilib qoldi. Nosozlik Grinvich vaqti bilan soat 16:00da ro‘y berib, uni bartaraf etishga faqat soat 20:00da erishildi.

Time jurnali Facebook va boshqa bir qator servislardagi global uzilishlardan so‘ng Tsukerbergning suratini o‘z muqovasiga joylashtirdi. Surat ustida tasdiqlash oynasi ko‘rsatilgan. Unda «Facebook o‘chirilsinmi?» savoli hamda unga javob tariqasida «Chiqish» va «O‘chirish» variantlari taklif etilgan.

The New York Times gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, Facebook’da kompaniya xodimlari o‘zaro muloqot qiladigan ichki servislardan foydalanishning ham imkoni bo‘lmagan - kompaniya xodimlari ofis binolariga kirolmay qolgan, chunki eshiklar parolini ochadigan ruxsatnomalar ham ishlamagan.

NYT’ning yozishicha, muammo Kaliforniyadagi ma'lumotlarni qayta ishlash markazida muhandislar serverlarni qaytadan ishga tushirgach hal bo‘lgan, ammo kompaniya bu ma'lumotni tasdiqlamadi.

Buning o‘rniga Facebook nosozlik nimadan kelib chiqqanini aniqlash va o‘z infratuzilmasini yanada ishonchli qilish uchun harakatda ekanini ma'lum qilgan. «Muhandislarimizning aniqlashicha, ma'lumotlar markazlari o‘rtasida tarmoq trafigini muvofiqlashtiruvchi magistral routerlar konfiguratsiyasining o‘zgartirilishi aloqa uzilishiga sabab bo‘lgan muammolarni keltirib chiqargan. Tarmoq trafigining buzilishi ma'lumotlar markazlarimizning aloqa yo‘llariga birin-ketin ta'sir ko‘rsatgan, natijada xizmatlarimiz to‘xtab qolgan», deyiladi kompaniya xabarida.

Facebook serverlarida kuzatilgan nosozliklar fonida Telegram messenjeri foydalanuvchilari soni bir kunda 70 millionga ko‘paydi. 7 soat ichida xizmatlar ishiga tiklanishiga qaramay, bu uzilish Facebook tarmog‘idagi ungacha qayd qilingan uzilishlar ichida eng keng ko‘lamlisi bo‘ldi. Facebook kompaniyasi asoschisi Mark Tsukerberg bu holat uchun uzr so‘radi, uning o‘zi uzilishlar sababli bir kun ichida 7 mlrd dollar yo‘qotdi.

Facebook va Instagram’da uzilishlar kuzatilayotgan bir paytda uzilishlarsiz ishlagan Twitter (O‘zbekistondan tashqari) va Telegram foydalanuvchilari turli memlar bilan voqeaga hazilomuz munosabat bildirishdi:

Kreml tabrikladi, muxolifat norozi

8 oktabr kuni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Rossiyaning «Novaya gazeta» nashri bosh muharriri Dmitriy Muratov va filippinlik jurnalist, Rapple muxolifatchi sayti rahbari Mariya Ressaga «demokratiya hamda barqaror tinchlik o‘rnatilishining dastlabki sharti bo‘lgan fikr bildirish erkinligini himoya qilish bo‘yicha intilishlari» uchun berildi.

Yevgeniy Feldman / Meduza

Muratov bu mukofot «Novaya gazeta»sining turli yillarda o‘ldirilgan jurnalistlari uchun ekanini aytdi. «Igor Domnikov, Yuriy Shchekochixin, Anna Politkovskaya, Stas Markelov, Anastasiya Baburova, Natasha Estemirova - bugun Nobel mukofotini shu odamlar qo‘lga kiritishdi», dedi u.

2001 yilda Chechenistonda «Novaya gazeta»ning shtatdan tashqari korrespondenti Viktor Popkov o‘ldirilgan. 2003 yilda nashrning surishtiruvlar bo‘limi muharriri Yuriy Shchekochixin vafot etgan. Tergov qo‘mitasi uning o‘limida jinoyat alomatlari topmagan, ammo hamkasblari u zaharlangan deb hisoblashadi - o‘limi arafasida u tahdidlar olgandi.

2009 yilda Chechenistonda huquq faoli Natalya Estemirova o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgandi - u «Novaya gazeta» bilan hamkorlik qilgan. 2009 yil yanvarida Moskvada «Novaya gazeta» jurnalisti Anastasiya Baburova va nashrning yuridik ishlarini yuritgan advokat Stanislav Markelov otib ketilgan.

2006 yil 7 oktyabrida Moskvada, Chechenistondagi vaziyat haqida ko‘plab tanqidiy chiqishlar qilgan, zamonaviy Rossiya tarixidagi eng kuchli jurnalistlardan biri - Anna Politkovskayani otib ketishadi. 2014 yilda, qotillikdan sakkiz yil o‘tib sud qotillik ijrochisi va tashkilotchilarni qamoqqa jo‘natadi. Ammo qotillikni kim buyurtma qilgani bo‘yicha qidiruvlarda siljish bo‘lmaydi. Shu tariqa, 15 yil o‘tib ham bu qotillik uyushtirilishi uchun hech kim aybni zimmasiga olmagan.

Muratov mukofot pulining (1 million dollardan ortiqroq) bir qismi 2021 yil boshida Vladimir Putin tomonidan asos solingan «Krug dobra» xayriya fondiga o‘tkazilishini ma'lum qildi. Bu fondga yiliga 5 million rubldan ko‘proq maosh oluvchi badavlat rossiyaliklar to‘lagan soliqlar yo‘naltiriladi. 

U pulning qolgan qismini, tahririyat bilan kelishgan holda Rossiyada «xorij agenti» maqomini olgan va quvg‘inga uchragan jurnalistlarga yordam ko‘rsatish uchun ajratmoqchi.

«Exa Moskva» bosh muharriri Vladimir Varfolomeyev Nobel qo‘mitasi beradigan pul mukofoti «Novaya gazeta»ni «xorij agenti» sifatida e'lon qilish uchun formal asos bo‘lib xizmat qilishidan xavotirlarini bildirgan. Ammo The New Times bosh muharriri Yevgeniya Albatsning hisoblashicha, «Nobel» aksincha, nashrni bundan himoyalaydi. «Men umid qilamanki, Muratovning bu statusi «Novaya gazeta»ni «inostrannogo agent» maqomidan himoya qiladi va ommaviy ravishda «inoagent» deb e'lon qilinayotgan rossiyalik jurnalistlarni ham qay bir darajada himoyalaydi», degan Albats. Iyun oyida Aleksandr Ionov «Novaya gazeta»ni ham «inoagentlar» haqidagi qonun bo‘yicha tekshirish taklifini bergandi, aynan uning chaquvidan keyin «Meduza» nashri «inoagent» deb topilgan.

Nobel qo‘mitasi qarori Rossiyada turlicha qarshi olindi. «Novaya gazeta» Rossiya hukumatini ko‘p tanqid qiluvchi nashrlar sirasidan bo‘lsa-da, asosan muxolif kayfiyatdagi kuchlar bu qarorni ma'qullamadi, o‘z navbatida Kreml va hukumatparast nashrlar bu qarorni olqishlab, Muratovni tabriklashdi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Muratovni o‘z ideallaridan chekinmagan jasur kishi sifatida ta'riflagan bo‘lsa, MSK raisi Ella Pamfilova uning qat'iyatliligi va eng murosasiz muxoliflarini ham eshita olish qobiliyatiga egaligini e'tirof etdi, MatchTV telekanalining sobiq rahbari Tina Kandelaki buni rus jurnalistikasining katta g‘alabasi deb atadi, RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan uning bemor bolalarga ko‘rsatayotgan yordamlarini eslab, uni buning uchun ham mukofotlash kerakligini aytdi.

O‘z navbatida, Rossiya muxolifatining ko‘plab vakillari, jumladan Aleksey Navalniy tarafdorlari mukofot Muratovga topshirilishiga e'tirozlarini bildirishdi.

Bunday norozilikni Muratov yaqinda Davlat dumasi uchun saylovlar vaqtida muxolifatchilar qarshi bo‘lgan elektron ovoz berish tizimini yoqlab kolonka yozgani bilan izohlash mumkin. U shuningdek, KPRFga qarshi tanqidiy materiallari uchun muxolifatchilarning tanqidlariga uchragan - Navalniyning tarafdorlari saylovchilarni «aqlli ovoz» doirasida kommunistlarga ovoz berishga chaqirgandi.

Navalniy va Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya ham mukofot uchun da'vogarlar qatorida edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ularning ikkisi ham mukofot uchun Muratovdan ko‘ra haqliroq ekani haqidagi postlar ko‘p yozildi.

Yozuvchi Boris Akunin, iqtisodchi Konstantin Sonin, Navalniyning safdoshlari Lyubov Sobol va Ruslan Shaveddinov mukofotni Navalniy olmaganidan afsusdaliklarini bildirishdi, Muratovning o‘zi ham o‘ziga qolsa mukofotni Navalniyga berishini aytgan.

Tinchlik bo‘yicha Nobel shu paytgacha Rossiya fuqarosiga nasib etmagandi, mukofot sobiq ittifoqning ikki fuqarosi — olim va huquq himoyachisi Andrey Saxarov hamda SSSR prezidenti Mixail Gorbachyovga topshirilgan. Muratov Rossiya Federatsiyasining Nobel olgan beshinchi fuqarosi bo‘ldi.

Afg‘oniston: juma namozi vaqtida portlash ro‘y berib, o‘nlab kishilar halok bo‘ldi

8 oktabr kuni terrorchi xudkush Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrida shialarning masjidiga hujum qildi. Juma namozi vaqtida ro‘y bergan portlash oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgan - bu amerikalik harbiylar mamlakatdan chiqib ketgan vaqtdan keyingi eng yirik teraktga aylandi.

Masjidga juma namozi vaqtida hujum qilingan. Foto: AP/TASS

Portlash oqibatida yuzdan ortiq kishi jarohatlagan. Qurbonlar soni oshishi mumkin.

Shialar qabristonida ishlovchi go‘rkov «Frans Press» agentligiga unga 62 kishining jasadi olib kelingani haqida aytgan, mahalliy nashrlarda esa portlash qurbonlari 100ga yaqin bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatilgan.

Hujum uchun javobgarlikni «IShID-Xuroson» guruhi zimmasiga olgan. «Tolibon» hokimiyatga kelgach, ushbu guruhga qarshi faol kurashmoqda. So‘nggi vaqtlarda bu guruh jangarilari mamlakatning sharqiy hududlarida shu kabi boshqa qator hujumlarni amalga oshirgandi. Avgust oyida Kobul aeroportiga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni ham ushbu guruh o‘z zimmasiga olgandi.

Bu guruh yaqin o‘tmishda ham Afg‘onistondagi diniy ozchilik hisoblangan shialarga qarshi ko‘plab hujumlar uyushtirgan: xudkush terrorchilar masjidlar, sport klublari va maktablarni portlatgan. So‘nggi haftalarda ishidchilar toliblarga hujumlar kampaniyasi olib bordi.

O‘tgan haftaning yakshanbasida jangarilar Kobuldagi dafn marosimi vaqtida hujum qilgandi, bu marosimda «Tolibon»ning bir qator yuqori martabali amaldorlari ham hozir bo‘lgandi. «IShID-Xuroson» ta'siri kuchli bo‘lgan sharqdagi Nangarhor va Kunar viloyatlarida ham bir qancha hujumlar kuzatildi.

Toliblar IShIDning o‘nlab a'zolari hibsga olingani va bu guruhga aloqador ko‘plab jangarilar o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqatgan bo‘lsa-da, bu guruh solayotgan tahdid susaymayapti.

Xorijlik harbiylar Afg‘onistondan chiqib ketgach, «Tolibon» shu yilning avgustida mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olgandi. Ko‘plab afg‘onlar toliblar hokimiyatga kelgach, avtoritar rejim o‘rnatilsa-da, hech bo‘lmasa tinchlikda yashashlariga umid qilishgandi. Toliblar ham g‘arbliklar bilan muzokaralarda mamlakatni terrorchilardan xoli hududga aylantirishni va'da qilishgandi, ammo afg‘onlar hamon notinchlikda yashashga majbur bo‘lishmoqda.

Muhokamalarga sabab bo‘lgan benzin narxi

O‘zbekistonda AI-91 markali benzin narxi 8100 so‘mdan sotila boshladi va bu jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. O‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish ham, import ham oshganiga qaramay, narx bir yil ichida 28 foizga oshdi.

Energetika vazirligi holat yuzasidan bergan bayonotida benzin narxlari bozorda erkin shakllanmoqda. Narx oshishiga sabab jahon bozorida neft narxi oshishi bilan izohlangan.

Masalaga jamoatchilik faollari ham munosabat bildirdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, benzin narxi oshishda davom etadi. Chunki bunga sabablar juda ko‘p. Gap faqat neft narxining oshib borayotganidagina emas. U narx oshishining asosiy uch sababini keltirib o‘tdi: benzin narxining importga, kurs o‘zgarishga ham bog‘liqligi, ikkinchi va asosiy sabab – raqobat muhitining yo‘qligi, uchinchi sabab esa soliqchilik. Ya'ni benzin iste'molchilarga yetib borguncha turli ko‘rinishlarda eng ko‘p soliq qo‘shiladigan tovar hisoblanishi.

U benzin narxini muqobillashtirishda parlament yangi yildagi budjetni tasdiqlashda e'tiborliroq bo‘lishi kerakligini ta'kidlagan.

Kurbanoff kanalining asoschisi Shuhrat Qurbonov esa modomiki benzin narxi oshishi neft narxi oshishi bilan bog‘liq ekan, unda neft narxi tushishini kutishdan boshqa iloj yo‘qligini bildirgan.

Top