12:55 / 11.10.2021
13330

Hozir chetdan gaz sotib olishga ham tayyormiz, chunki sanoatimiz ishlayapti – Shavkat Mirziyoyev 

11 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvlaridan navbatdagisi, hisob bo‘yicha to‘qqizinchisi Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi. O‘zLiDep vakillari, nomzodning hududdagi tarafdorlari Shavkat Mirziyoyevni an'anaviy olqishlar bilan kutib olishdi. 

Foto: Milliy mass-media fondi

“Inson qadri” qo‘shig‘i bilan tadbirni nomzodning viloyatdagi ishonchli vakili Temur Poyonov ochib berdi va olib bordi. Moderator Shavkat Mirziyoyevni tanishtirishga hojat yo‘qligini aytib, nomzodning viloyat ravnaqi yo‘lida qilgan xizmatlari haqida aytib o‘tdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyevga so‘z berildi.

“Temurbek to‘g‘ri aytdi, Qashqadaryoning men bormagan hududi qolmagan. Bosh vazir bo‘lgan paytlarimda ham og‘ir-og‘ir masalalarni hal qilishga harakat qilganmiz. Yilning mana shu paytlari hammamiz paxta dardida yurardik. Lekin qizig‘i, dalada emas, ko‘proq paxta zavodi atrofida aylanardik. Lekin “xlopzavod”da paxta o‘smaydiku, “pripiska” o‘sadi u yerda.

Bir jihatga e'tiboringizni qaratmoqchiman – 2016 yilgacha biz asosan gaz bilan paxta sotardik. Gazdan ko‘pi bilan 1 mlrd, paxtadan nari borsa 800-900 mln dollar daromad olardik. Hozir bilasizlar, chetga nari borsa 15-20 foiz gaz sotyapmiz. Chunki eski shartnomalarimiz bor. Kerak bo‘lsa chetdan gaz sotib olishga ham tayyormiz, sababi, sanoatimiz ishlayapti.

Qashqadaryoda boshqa viloyatlarga nisbatan muammolar ko‘proq. Bugun jonajon xalqimizning farovonligi uchun ko‘p-ko‘p ishlar qilishimiz kerakligini hammamiz bilamiz. Bugun ana shu masalalar bo‘yicha ochiq muloqot qilib olamiz”, – dedi prezident.

Top