13:52 / 11.10.2021
6010

O‘zbekistonga oltinchi turdagi vaksina keltirilmoqda

Foto: Getty Images

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga «Sinovak» vaksinasi ham olib kelinishini ma'lum qildi. Bunga O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida grant yordamiga oid imzolangan bitim asos bo‘ldi. 

«Turkiya O‘zbekistonga COVID-19ga qarshi 200 ming doza Xitoyda ishlab chiqariluvchi «Sinovak» vaksinasi, shuningdek, 20 ming quti «Favipiravir» dori preparatlarini do‘stlik va xayrixohlik belgisi sifatida yuboradi», deyiladi xabarda.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, bitimni O‘zbekiston Respublikasi nomidan Turkiyadagi elchi Alisher A'zamxo‘jayev, ikkinchi tomondan esa sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Xalil Eldemir imzoladi.

O‘zbekistonda hozirda 5ta turdagi:  

  • AstraZeneca, 
  • ZF-UZ-VAC2001, 
  • Sputnik V, 
  • Moderna, 
  • Pfizer/BioNTech vaksinalaridan foydalanilmoqda.

Shu paytgacha mamlakatda emlash jarayonlarida 22 433 729 doza vaksina qo‘llangan bo‘lib, 5,1 milliondan ortiq kishi virusga qarshi to‘liq emlandi.

Ma'lumot uchun, Sinovac JSST tomonidan favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan yettinchi vaksina bo‘lgan edi. Preparat infeksiyaning simptomatik kechishidan 51 foizga, COVID-19ning og‘ir shaklidan 100 foiz va kasalxonaga yotqizilishdan 100 foizga himoya qilishi aniqlangan.

Top