17:18 / 11.10.2021
967
Toshkentda YTHga sababchi bo‘lgan «Spark» avtomobili topildi
Foto: IIB axborot xizmati

Joriy yilning 3 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bektemir tumani TXAY ko‘chasida «Spark» haydovchisi sababli «Cobalt» haydovchisi piyodani urib yuborgani haqida video tarqalgan edi. Toshkent shahar IIBning ma'lum qilishicha, hozirda «Spark» haydovchisi aniqlanib, unga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

2021 yilning 3 oktabr kuni taxminan soat 11:00 da Bektemir tumani TXAY ko‘chasida «Spark» haydovchisi to‘g‘ri harakatlanib kelayotgan avtomobilning ustuvorligini inobatga olmasdan qayta burilgan. Oqibatda «Cobalt» haydovchisi – 1972 yilda tug‘ilgan K.K. to‘qnashuvni chetlab o‘tmoqchi bo‘lib, rulni o‘ng tomonga burgan va 1987 yilda tug‘ilgan piyoda P.B.ni urib yuborgan. Oqibatda piyoda badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Tezkor-tergov tadbirlari davomida aniqlanishicha, voqea joyini tark etgan «Spark»ning davlat raqami 10 L 690 WA bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, avtomobilni haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 39 yoshli S.I. boshqargan.

Hozirgi vaqtda unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi 25-qismi (“Transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek, avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya'ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi”), hamda 135-moddasi 2-qismi (“Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi”) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi.

«Mazkur fakt asosida olib borilgan tergovoldi harakatlari davom etmoqda. Faktlar aniqlangach, yo‘l-transport hodisasining barcha ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho beriladi», deyiladi xabarda.

Top