15:43 / 11.10.2021
5569
«Zakovat» breyn-ring: Buxoroda yarimfinalchilar aniqlandi

«Zakovat» breyn-ring intellektual o‘yinining respublika final bosqichi Buxoro viloyati Romitan tumanida joylashgan Bukhara Desert Oasis ekoturizm klasterida bo‘lib o‘tmoqda.

Oldinroq barcha viloyatlarda hududiy chempionlar aniqlangan va ular 100 million so‘mdan mukofotni yutib olgandi. 13 ta hududiy chempionlar va eng yaxshi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 3 jamoa respublika final bosqichida kurashmoqda.

11 oktyabr kuni 16 jamoa pley-off ko‘rinishida qur'a tashlangach, kurashga kirishdi. Sirdaryolik bilimdonlar chorakfinalning ilk o‘yinida Samarqand jamoasini mag‘lub etdi va yarimfinalga chiqdi. Ammo ko‘p o‘tmay Xushnud Xudoyberdiyev Samarqand jamoasining apellyatsiyasi qanoatlantirilib, Sirdaryo jamoasiga xato berib yuborilgan ochko bekor qilinganini e'lon qildi.

Toshkent-2 va Xorazm jamoalari o‘rtasidagi chorakfinaldan keyin (bu juftlikda xorazmliklar ustun keldi) Samarqand — Sirdaryo o‘yinida qo‘shimcha savol o‘ynaldi va unda sirdaryoliklar baribir g‘olib bo‘lishdi. Yana bir chorakfinal to‘qnashuvida esa Navoiy Surxondaryoni mag‘lub etdi.

To‘rtinchi yarimfinalchi esa Toshkent – Jizzax uchrashuvida aniqlandi - turnir favoriti hisoblangan toshkentliklar buni amalda ham isbotlashdi.

Yarimfinalda quyidagi juftliklar hosil bo‘ldi:

Toshkent — Xorazm
Sirdaryo — Navoiy

«Zakovat» breyn-ring respublika final bosqichi ertaga, 12 oktyabr kuni Buxoroda o‘tkaziladi. G‘olib jamoaning har bir a'zosi bittadan Chevrolet Gentra avtomobili bilan taqdirlanadi.

Top