09:00 / 12.10.2021
8074
Chorvachilik sohasidagi islohotlar

Ta'sirchanlik va samara

Prezidentimizning 2019 yil 28 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi chorvachilik sohasida yangicha tizim yo‘lga qo‘yilishiga asos bo‘ldi.

Mazkur qaror natijasida mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan edi.

Qo‘mita tomonidan bugungi kunda chorvachilikda naslchilik ishlarini yaxshilash ikki muhim yo‘l bilan amalga oshirilmoqda.

Birinchi yo‘l – aholi qaramog‘idagi sigir va tanalarni sun'iy urug‘lantirish orqali ularning mahsuldorligi va zotdorligini yaxshilash bo‘lsa, ikkinchi yo‘l chetdan naslli qoramollar keltirish hisobiga yuqori mahsuldor podalarni ko‘paytirish.

Shu bois, sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Sun'iy urug‘lantirish bilan shug‘ullanuvchi osemenatorlar, d'yuar idishlari, mikroskop, texnik sumkalar va boshqa zarur jihozlar bilan ta'minlandi.

Bugungi kunda naslli buqalarning chuqur muzlatilgan sifatli urug‘i Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tarkibidagi “O‘znaslchilik” davlat korxonasi tomonidan ishlab chiqarilib, suyultirilgan azot bilan birgalikda joylarga yetkazib berilmoqda.

Korxonada chorvachiligi rivojlangan chet davlatlardan keltirilgan yuqori mahsuldor buqalarning Qizil va Qora ola Golshtin, Simmental, Shvits, Angler, Aberdin-angus, Sharole va boshqa zotlardan naslchilik-seleksiya ishlarida keng foydalanilmoqda va ichki ehtiyojni urug‘ bilan ta'minlash to‘liq kafolatlangan.

Sun'iy urug‘lantirishning afzalligi shundaki, bu usul orqali mahalliy mollardan olingan buzoqlar tez yetiluvchan bo‘lib, tana vaznining tez o‘sishi bilan ajralib turadi. Iqlim sharoitiga adaptatsiya qilish talab etilmaydi, shuningdek kasalliklarga chidamli bo‘ladi. Mahalliy qoramollarni sun'iy urug‘lantirish natijasida I-avlodda 25 foiz, II-avlodda 50 foiz, III-avlodda 75 foizga zotdorligi yaxshilanadi va mahsuldorlik ortadi.

Ta'kidlash kerak, o‘tgan 2020 yilda respublika bo‘yicha 2 mln. boshdan ortiq sigirlar sun'iy urug‘lantirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 2 mln. 400 ming boshga yetkaziladi. Olib borilgan ishlar natijasida mamlakatimizdagi mavjud qoramollar naslini yaxshilanish darajasi 2020 yilda 41 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 54 foizni tashkil etmoqda, bu ishlar kelgusida bosqichma-bosqich davom ettirib boriladi.

Epizootik barqarorlik – dolzarb vazifa

Respublikada epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish uchun bu yil jami 1200 ta ishchi guruh tashkil etilib, unga 4799 ta mutaxassis va xodimlar biriktirildi. Ishchi guruh ishini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha respublika, viloyat va tuman shtablari tashkil etildi.

Profilaktik tadbirlar bo‘yicha kalendar reja asosidagi tizim yaratilib, bugungi kunga qadar yirik shoxli mollarning 8,9 mln boshi va mayda shoxli mollarning 13,0 mln boshi, shuningdek, 297,7 ming bosh boshqa tur hayvonlar kuydirgiga, yirik shoxli mollarning 5,9 mln boshi nodulyar dermatitga, 2,6 mln boshi oqsilga, 2,8 mln bosh qorasonga, 849,4 ming boshi leptospirozga, mayda shoxli mollarning 2,9 mln boshi oqsilga, 15,4 mln boshi brutsellyozga, 3,1 mln boshi chechakka, 965 ming boshi bradzotga, 59,0 ming boshi leptospirozga, 125 ming bosh quyonlarning gemorragik isitmasiga, 11,4 ming bosh tuyalar o‘latiga hamda 8,4 mln bosh parrandalar Nyukasl kasalligiga va ro‘yxatga olingan 2,5 mln bosh it va mushuklar quturish kasalligiga qarshi profilaktik emlandi.

Shu bilan birga, 3,2 mln bosh yirik va 1,1 mln bosh mayda shoxli mollar brutsellyozga va yirik shoxli mollarning 1,7 mln boshi tuberkulyozga diagnostik tekshirildi hamda 13,7 mln bosh yirik va 19,5 mln bosh mayda shoxli mollar ektoparazitlarga qarshi profilaktik ishlov berildi. Chorva mollari saqlanadigan 672,1 mingta binoda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari o‘tkazildi.

Manfaatdor vazirliklar bilan hamkorlikda Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari hududida mavjud biologik chiqindilarni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylari xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijasiga ko‘ra, ularning joylashuvi bo‘yicha koordinatlari belgilandi.

Mahsulot yetishtirgan chorvadorlar birinchi marta subsidiya oldi

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12-iyuldagi “Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bo‘yicha chorvachilik tarmoqlaridagi tadbirkorlik sub'yektlariga subsidiya ajratish tizimi joriy etilgan edi.

Mazkur qarorga muvofiq joriy yilning 1 iyunidan parrandachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1000 so‘m, chorvachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, go‘sht uchun sotilgan yirik va mayda shoxli mollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2000 so‘m hamda sutining har bir litri uchun 200 so‘m, baliqchilik xo‘jaliklariga — intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlarining (losos, forel va osyotr) har bir kilogrammi uchun 3000 so‘m qolgan turdagi baliqlar uchun 1000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.

“O‘zbekchorvanasl” agentligi tomonidan joriy yil sentabr oyi yakunigacha 51 ta tadbirkorlik sub'yektiga 3 099,1 mln. so‘m subsidiya mablag‘i ajratilishi ta'minlandi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 11 ta sub'yektga 49,6 mln. so‘m, Andijon viloyatida 5 ta sub'yektga 874 mln. so‘m, Buxoro viloyatida 4 ta sub'yektga 1 045,5 mln. so‘m, Samarqand viloyatida 17 ta sub'yektga 711,2 mln. so‘m, Sirdaryo viloyatida 11 ta sub'yektga 199,5 mln. so‘m va Xorazm viloyatida 3 ta sub'yektga 219,7 mln. so‘m subsidiya ajratildi.

Ta'kidlash kerak, mamlakatimiz tarixida birinchi marta mahsulot yetishtirgan chorvachilik sub'yektlariga subsidiya berish tizimi joriy etildi. Bu esa bozor iqtisodiyoti sharoitida chorvachilik mahsulotlari taqchilligining oldini olish va narxini stabillashtirishda eng to‘g‘ri yondashuvdir. 

 Chorva mollarining ichak mahsulotlari Yevropa davlatlariga eksport qilinadi 

Qo‘mita mutaxassislari va Yevropa Ittifoqi komissiyasi Sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligi bosh direktorati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muntazam muloqot davomida mazkur kelishuvga erishildi.

Dastlab Ittifoq komissiyasi tomonidan chorva hayvonlari ichak mahsulotlari eksporti uchun taqdim etilgan so‘rovnomalar tegishli tartibda to‘ldirilib baholash uchun yuborildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi mas'ul vakillari tomonidan O‘zbekiston davlat veterinariya xizmati auditi o‘tkazildi. Yevroittifoqning 2021 yil 29 sentyabrida ushbu audit natijalari e'lon qilindi. Va mamlakatimiz Ittifoqning 27 ta a'zo davlatlariga ichak mahsulotlari eksporti uchun avtorizatsiyadan o‘tganligi ma'lum qilindi.

Qoramol terisi xomashyosi eksportiga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi

Qo‘mita mutaxassislarining Ukraina respublikasi Davlat veterinariya xizmati mutasaddilari bilan olib borgan muloqotlari natijasida yurtimizdan Ukrainaga qoramol terisidan olinadigan xomashyolar eksporti uchun qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq bekor qilinib eksportga ruxsat etildi.

Joriy yilning may oyida Ukraina davlat veterinariya xizmati ekspertlari tomonidan mamlakatimizda veterinariya auditi va inspeksion o‘rganishlari tashkil etilgandi. Birinchi bosqichda Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng Charm” qo‘shma korxonasi hamda Qibraydagi “Shosh Charm Plyus” mas'uliyati cheklangan jamiyati Ukrainaga eksport qiluvchilar reyestriga kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘zimizda yetishtirilayotgan chorvachilik mahsulotlarini dunyo bozoriga olib chiqish borasida konseptual “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.

Reklama huquqi asosida

Top