14:09 / 12.10.2021
427
Sirdaryoda joriy yilning 9 oyida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni o‘sgan
Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Sirdaryo viloyatida joriy yilning 9 oyida 225 ta (2020 yilda 176 ta) turli toifadagi mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar asosan sog‘liqni saqlash, oliy va o‘rta-maxsus ta'lim, xalq ta'limi hamda maktabgacha ta'lim tizimida kuzatilgan. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi ma'lum qildi.

2021 yil 11 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati hokimligida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining ta'sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi a'zolari, OAV vakillari, shuningdek, Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Narimon Umarov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari – Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tahlil va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i Tal'atjon Haydarov hamda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov ishtirok etdi.

Sirdaryo viloyatida joriy yilning 9 oyida 225 ta (2020 yilda 176 ta) turli toifadagi mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur ko‘rsatkich hududlar kesimida tahlil qilinganida, Guliston shahrida 72 ta, Guliston tumanida 21 ta, Mirzaobod tumanida 13 ta, Boyovut tumanida 22 ta, Sirdaryo tumanida 18 ta, Sayxunobod tumanida 16 ta, Oqoltin tumanida 13 ta, Xovos tumanida 17 ta, Sardoba tumanida 11 ta, Yangiyer shahrida 15 ta va Shirin shahrida 7 ta korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat sodir etilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor va boshqa shaxslarning asosiy qismi, ya'ni 185 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 47 nafari firibgarlik, 2 nafari nodavlat tashkilotida o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish, 5 nafari mansabini suiiste'mol qilish va boshqalardan iborat.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 26,6 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan bo‘lib, mazkur toifadagi jinoyat ishlarining tergovi jarayonida 22,1 mlrd so‘mi yoki 83 foizi undirilgan.

Bunday jinoyatlar ko‘proq ijtimoiy sohalarda sodir etilmoqda. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida 15 ta, maktabgacha ta'lim 4 ta, xalq ta'limi 9 ta, oliy va o‘rta maxsus ta'limda 4 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 44 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan, jinoyat oqibatida 6 mlrd so‘mga yaqin budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Yig‘ilish yakunida Sirdaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining Nizomi va 2021 yil oktyabr-dekabr oylari uchun mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Top