19:24 / 12.10.2021
15724

Toshkent shahar hokimligining tenderida Akfa Engineering'ning sobiq rahbariga tegishli kompaniya g‘alaba qozondi

Yakkasaroy tumanidagi 45-uyni rekonstruksiya qilish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi tomonidan e’lon qilingan tenderda Discover Invest kompaniyasi g‘alaba qozongan. Bu kompaniyaning asosiy ta’sischisi – “Akfa Engineering Management” kompaniyasining sobiq direktori Ismoil Isroilov.

Foto: Yandeks Xaritalar

Toshkent shahar hokimligi Yakkasaroy tumanidagi 45-uyni rekonstruksiya qilib, atrofini obodonlashtirish uchun 35,5 mlrd so‘mlik tender e’lon qilgan. Tenderda Discover Invest (Power Construction Planet) kompaniyasi g‘alaba qozongan.

Davletovuz kanalining e’tibor qaratishicha, Discover Invest'ning 66,9 foiz ulushi Ismoil Isroilovga tegishli. Isroilov, shuningdek, “Teleradiokompaniya Zo’r” (31,2 foiz) va Kolorpak (25 foiz) singari kompaniyalarda ham ulushga ega.

Avvalroq Kun.uz Toshkent shahridagi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan bir qancha loyihalar Discover Invest'ga tendersiz berib yuborilgani xaqida xabar bergandi.

Arxitektura institutining uchta binosini qurish (167 mlrd so‘m), Favqulodda vaziyatlar vazirligi Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi binosini qurish va jihozlash (17,9 mlrd so‘m), “Raqamli Toshkent” situatsion markazini qurish (100,2 mlrd so‘m), Zangiota tumanida ixtisoslashtirilgan 2160 o‘rinli karantin zonasini qurish (39,2 mlrd so‘m) loyihalari shular jumlasidan.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 25 ming baravari – 6 mlrd 750 mln so‘mdan ortiq miqdorni tashkil etganda, davlat xaridi tender o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ta’sischilari qatorida Ismoil Isroilov ham bo‘lgan “Kolorpak” MChJga “UNICON.UZ” DUKning Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi poligrafiya sexi binosi tegishli hududi bilan birgalikda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotilgan.

Top