02:44 / 13.10.2021
5930

Braziliya prezidenti insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblandi

Bir guruh huquqshunoslar va ilmiy ekspertlar Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruni Xalqaro jinoiy sudga berishdi. Ular siyosatchini Amazoniya o‘rmonlarini yo‘q qilishda gumon qilib, uni “insoniylikka qarshi jinoyatlarda” ayblashmoqda.

Allrise ekoloik adolat kampaniyasi faollari Haaga sudiga murojaat qilib, Bolsonaru va uning ma'muriyatiga qarshi “butun dunyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga olib kelgan xatti-harakatlari” yuzasidan ish qo‘zg‘atishni so‘rashgan.

Da'vo arizasida Braziliya yetakchisi atrof-muhit himoyachilari o‘ldirilgan katta ko‘lamli kampaniyani o‘tkazishda va o‘rmonlar kesilishi oqibatida sayyora aholisiga xavf tug‘dirilganlikda ayblanmoqda.

“Amazoniyada o‘rmonlar katta ko‘lamda yo‘q qilinmoqda va biz buning global isish bilan o‘zaro bog‘liqligi sababini tushunmoqchimiz. Rim maqomi insoniylikka qarshi jinoyatni aynan shunday belgilaydi: tabiat va uning himoyachilarining qasddan yo‘q qilinishi”, deb aytgan AllRise asoschisi Yoxannes Vezemann.

Ta'kidlanishicha, Bolsonaru har yil 400 ming gektar tropik o‘rmonning yo‘q qilinishi uchun javobgar hisoblanadi. U 2019 yil 1 yanvarda prezident lavozimini bajarishga kirishgandan keyin o‘rmonlar yo‘qolishi sur'atlari 88 foizga tezlashgan.

“Bolsonaru ma'muriyati Amazoniyani himoya qilgan qonunlar, idoralar va alohida shaxslarni tizimli ravishda chetga chiqargan va bartaraf etgan”, deb aytilgan xabarda.

Ekspertlarning hisob-kitobicha, Bolsonaru ma'muriyatining o‘rmonlarni ayovsiz kesish bilan bog‘liq faoliyati tufayli atmosferaga chiqqan zararli moddalar joriy asrda 180 mingdan ko‘proq odamning o‘limiga sabab bo‘ladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Amazoniyada o‘rmonlar kesilishi oqibatida uning tegilmagan qismi yuta oladigandan ko‘proq karbonat angidrid atmosferaga chiqmoqda.

Amazoniyadagi o‘rmon yong‘inlarida mamlakat rahbariyatining qo‘li borligi taxmin qilinadi.

Mavzuga oid
Top