12:12 / 13.10.2021
4644
Navoiyda 9 mlrd dollarlik loyihalar rejalashtirilgan, lekin bu kam, 15 mlrd dollarga yetkazish kerak - Shavkat Mirziyoyev

Kelgusi besh yilda Navoiy viloyatida 9 milliard dollarlik 2,2 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 75 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Lekin bu raqamdan men qoniqmadim. Navoiy uchun 9 mlrd kam, 15 mlrd dollarga yetkazishimiz kerak. Bu haqda hokimga ham, vazirga ham aytdim. Navoiy kon metallurgiya kombinatidagi 1,7 milliard dollarlik 5- va 6-gidro metallurgiya zavodlarini qurish, “Pistali” konini o‘zlashtirish va “Muruntov” konini kengaytirish, qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 28 ta yangi loyihani qamrab olgan zamonaviy gaz-kimyo texnologik klasterini tashkil etish, umumiy quvvati 2,8 ming megavatt bo‘lgan, qariyb 3 milliard dollarlik 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirish kabi “mega loyihalar”ni amalga oshiramiz.

Shuningdek, tog‘-kon sanoatida 450 million dollarlik 52 ta loyiha doirasida 7,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Viloyatdagi istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun 124 ta loyihalar doirasida 3,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, viloyatdagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solib, mahalliy sanoat jadal rivojlantiriladi, investitsiyalar va eksport keskin ko‘paytiriladi. Natijada, viloyatda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 40 foizga, jumladan, hududiy sanoat 2 barobarga oshadi. Buning uchun, viloyatda investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha yangicha tizim yaratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top