07:52 / 13.10.2021
12536
Teleo‘yindan intellektual harakatga: prezident qatnashgan «Zakovat» breyn-ring finalidan fotoreportaj

12 oktyabr kuni Buxoro viloyati Romitan tumanida joylashgan Bo‘rontepa yaqinidagi ekoturizm klasterida «Zakovat» breyn-ring respublika musobaqasining final o‘yini o‘tkazildi.

Foto: Kun.uz / Jahongir Aliboyev

Hal qiluvchi bahsda Xorazm jamoasi Navoiyni ikki ranud natijasiga ko‘ra umumiy 9:5 hisobida mag‘lub etib, respublika chempioniga aylandi. Bu finalning o‘ziga xosligi shunda ediki, unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.

Final o‘yini yakunida so‘zga chiqqan prezident doim «Zakovat» o‘yinlarini jonli kuzatishni istagani, bahslarni televizor orqali ko‘rib borishi haqida gapirdi. Shavkat Mirziyoyev mamlakat kelajagi ilmga intilgan yoshlar qo‘lida ekanini yana bir bor ta'kidladi. Prezident «Zakovat» klubi asoschisi Abdurasul Abdullayev va klubning mashhur vakillari Bobur Yoqubov, Furqat Qurbonov, Xushnud Xudoyberdiyevga minnatdorchilik bildirdi. Finaldan keyin Abdurasul Abdullayev hamda g‘olib bo‘lgan Xorazm jamoasi a'zolari davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Prezident Toshkentning so‘lim joylaridan birida «Zakovat» klubi uchun bino qurib berilishi, «Zakovat» stipendiyasi joriy etilishi, intellektual o‘yinlar bo‘yicha prezident sovrini uchun musobaqalar tashkil etilishini ma'lum qildi. Shavkat Mirziyoyev «Zakovat» klubini moliyalashtirish muhim ekanini aytib, bu uchun 50 milliard so‘m ajratilishini e'lon qildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan «Zakovat» klubi asoschisi Abdurasul Abdullayev «Zakovat» uzoq yillar homiy yo‘qligidan qiyinchilikka uchragani va oqibatda o‘tgan yili efirdan olinganini achinish bilan esladi. Loyihaning asoschisi va boshlovchisi 2021 yil avvalida yana efirga qaytgan «Zakovat» oddiy teleo‘yin bo‘lib emas, katta intellektual yoshlar harakatida aylanib qaytganini ta'kidladi.

Musobaqa g‘olibi bo‘lgan Xorazm jamoasi a'zolari bittadan Chevrolet Gentra avtomobili bilan taqdirlanishdi.

 

 

O‘tkir Jalolxonov, Jahongir Aliboyev (foto) tayyorladi

Mavzuga oid
Top