08:39 / 14.10.2021
2755
Ayrim faoliyat turlari uchun Markaziy bankni xabardor qilish yetarli ekani belgilandi
Foto: Kun.uz

«Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida» qonun qabul qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonun 651-modda bilan to‘ldirildi, bunda amalga oshirish uchun MBni xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlari ro‘yxati belgilangan:

  • lombard faoliyatini boshlash yoki tugatish;
  • naqd xorijiy va (yoki) milliy valutani respublikaga olib kirish;
  • bank filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochish yoki tugatish;
  • to‘lov tashkilotini qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish);
  • elektron pullar emitentining elektron pullarni chiqarish bo‘yicha faoliyatni boshlash yoki tugatish;
  • mikrokredit tashkilotining filialini, mikrokredit tashkilotining chakana xizmatlar markazi shaklidagi filialini tashkil etish yoki tugatish.

MB boshqa funksiyalar bilan bir qatorda:

  • ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni beradi;
  • xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar) boshlanishi va to‘xtatilishi haqida xabarnomalarni qabul qiladi;
  • xabarnomalar ustidan nazoratni amalga oshiradi;
  • faoliyatni (harakatlarni) to‘xtatib turish, qayta tiklash va tugatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
  • xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish tartibini belgilaydi;
  • ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlarini yuritadi.

«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasiga muvofiq banklar O‘zbekistonda filiallar, bank xizmatlari ofislari va boshqa alohida bo‘linmalar ochishi mumkin. Banklar o‘z filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida MBga belgilangan tartibda zarur hujjatlarni ilova qilgan holda xabarnoma yuboradi. MBni xabardor qilmay amalga oshiriladigan faoliyat qonunga xilofdir.

Bank moliyaviy hisobotining va banklar guruhi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotining auditorlik tekshiruvi shtatida MBning banklarda auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqini beruvchi malaka sertifikatiga ega kamida ikki nafar auditori (auditorlik tashkiloti rahbarini hisobga olgan holda) mavjud bo‘lgan auditorlik tashkiloti tomonidan o‘tkazilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top