16:43 / 14.10.2021
25638
OAV O‘zbekistonda Amerika bazasi joylashtirilishi bo‘yicha muzokara o‘tkazilishi haqida yozdi. O‘zbekistonga bunday taklif kelib tushmagan

Oktabr oyida Pentagon rasmiylarining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda va uchrashuvlarda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Amerika nashrida O‘zbekiston hududida AQSh terrorizmga qarshi kurashish kuchlari joylashtirilishi yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi haqida yozildi. O‘zbekiston tomoni bunday ma'lumotlarni rad etdi.

Foto: Master Sgt. Scott Sturkol / U.S. Air Force.

AQSh rasmiylari O‘zbekistonni mamlakat mintaqaviy manfaatlarini himoya qilishda yordam beradigan yagona mamlakat deb hisoblashmoqda. Politico nashri Vashington va Toshkent o‘rtasida yaqinroq aloqalar o‘rnatish borasidagi ishlar ancha chuqurlashgani va AQSh parlamentida O‘zbekistonning do‘stlari ortib borayotgani haqda xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, oktabr oyi davomida Pentagon rasmiylarining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda va xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinadi. Tashrif davomidagi asosiy masala AQShning terrorizmga qarshi kurash kuchlarini «ufqda» joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘ladi. Bu AQSh harbiylariga Afg‘onistondagi nishonlarni kuzatishni osonlashtirish va mo‘ljallarga zarba berishini yengillashtirish imkoniyatlarini yaratadi.

Qayd etilishicha, Bayden ma'muriyati O‘zbekiston va Afg‘oniston bilan chegaradosh boshqa davlatlar bilan bir necha oydan beri muzokaralar olib bormoqda. AQSh rasmiylarining ma'lum qilishicha, Afg‘onistondan mamlakat harbiylari chiqib ketgach, Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosatida O‘zbekiston muhim rol o‘ynay boshlagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaradosh mamlakat ekani sabab qochqinlar masalalari va Amerika qo‘shinlarini qabul qilish borasida muhim ahamiyat kasb etishi va muzokaralar uchun ochiq mamlakat ekaniga ishonishmoqda. Ular O‘zbekistonni AQShning mintaqaviy manfaatlarini himoya qilishda yordam beradigan yagona mamlakat deb bilishmoqda.

Bunga so‘nggi paytlarda AQSh kongressi va boshqa idoralari vakillarining O‘zbekistonga tashriflari faollashgani misol sifatida keltirilgan.

AQSh Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasi a'zosi Avgust Plfyuger so‘zlariga ko‘ra, potensial terrorchilar bilan geografik yaqin do‘st mamlakatning bo‘lishi taktik va strategik jihatdan muhimdir.

Ikkala mamlakat o‘rtasida aloqalarning rivojlanishida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ham e'tirof etilgan.

Vakillar palatasi a'zosi Don Bekon O‘zbekistonning Vashingtondagi vakolatxonasini «men ko‘rgan eng faol elchixonalardan biri» deya ta'riflagan. The Humpty Dumpty Institute direktori Jozef Merant esa «O‘zbekiston elchixonasi biz ishlagan eng professional va faol elchixonalardan biri» deya e'tirof etgan.

Nashr bu sa'y-harakatlar o‘z samarasini berayotgani, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri allaqachon AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuvlar o‘tkazgani haqida yozgan.

Don Bekon AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo to‘siqlarini olib tashlashga harakat qilishini, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun Nebraskada O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, u Nebraska va O‘zbekiston shaharlaridan biri o‘rtasida birodar-shahar munosabatlarini o‘rnatishga umid qilayotganini aytib o‘tgan.

Avgust Plfyuger esa AQSh O‘zbekistonga suv tanqisligi muammosini yechishda ko‘maklashishi mumkinligini, G‘arbiy Texas bu muammoni hal qilishda katta tajribaga egaligini ta'kidlagan.

Ushbu masalalar bo‘yicha izoh olish maqsadida nashr tomonidan berilgan savollarga O‘zbekiston elchixonasi javob bermagani qayd etilgan.

O‘zbekiston tomoni nima deydi?

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonda AQSh harbiy bazalarini joylashtirish muhokama qilinmayotganini ma'lum qilgan.

«O‘zbekistonda AQShning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qurolli kuchlarini joylashtirish imkoniyati kun tartibida yo‘q va muhokama qilinmayapti», degan vazir jurnalistlar savoliga javoban Minskda bo‘lib o‘tayotgan MDH davlatlari tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishi vaqtida.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, AQShning aksilterror bo‘linmalarini O‘zbekistonga joylashtirish bo‘yicha hech qanday taklif kelib tushmagan va bu masala ayni paytda ko‘rib chiqilmayapti.

Ma'lumot uchun, AQSh harbiy kuchlari Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarni amalga oshirishda 2001–2014 yillarda Qirg‘izistonning «Manas» aeroportidan hamda 2001–2005 yillar mobaynida O‘zbekistonning «Qarshi-Xonobod» harbiy bazasidan foydalangan.

O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga ko‘ra, mamlakat hududida xorijiy davlat harbiy bazalari va obektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi yagona temir yo‘li O‘zbekiston bilan bog‘langani uning Markaziy Osiyo xavfsizlik masalalarida yetakchi o‘rin va rolni bajarishini tabiiy ravishda kafolatlashi mumkin.

Top