17:29 / 14.10.2021
5241
O‘zbekistonda ilk bor 90 yoshli bemorda murakkab kardioxirurgik amaliyot muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat kardioxirurgiyasi tarixi yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti bilan boyigani, Toshkent shahridagi zamonaviy klinikalardan birida shoshilinch ravishda  tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq noyob operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilgani haqida xabar qildi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Odatda, shifokorlar keksa yoshli insonlar tanasiga tig‘ tekkizishning o‘zi juda nozik jarayon ekanligini aytishadi. Yurak sohasidagi jarrohlik amaliyotlari esa o‘ta murakkab va anchayin xavfli. Shu bois, hatto mazkur sohada peshqadam bo‘lgan Yaponiya va Germaniya davlatlarida ham bunday operatsiyalar kamdan kam o‘tkaziladi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida. 

Amaliyot Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ishlab kelgan va 2017 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifi asosida vatanga qaytgan malakali kardioxirurg, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov boshchiligida o‘tkazilgan

Bemor — Yoqub Mahmudov, 90 yoshda. Toshkent viloyatining Chinoz tumanidan. U ko‘p yillardan beri gipertoniya va yurak ishemik kasalliklaridan aziyat chekib kelgan. Qon bosimi 190gacha ko‘tarilib ketishi kuzatilgan, infarktni boshdan o‘tkazgan. 

Shuningdek, joriy yil martida koronavirusga chalinib, muolaja olgan. Ammo ko‘p o‘tmay yurak sohasida og‘riqlar yanada zo‘rayib, ahvoli yomonlashgach, Rustam Yorbekov va uning jamoasiga murojaat qilgan. 

«Biz, kardioxirurglar bu yoshdagi bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni qumdan imorat tiklashga o‘xshatamiz. Negaki, yurak  operatsiyasi chog‘ida favqulodda buyrak, jigar, miya va boshqa a'zolar xuruj qilib qolishi mumkin. Shu sababli O‘zbekistonda yaqin yillargacha bunday holatdagi bemorlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Endi esa nafaqat poytaxt, balki qator viloyatlar markazlarida ham shunday murakkab operatsiyalarni o‘tkazyapmiz. 

Chinozlik otaxon ham bu klinikaga shoshilinch olib kelindi. Dastlab unda koronarografiya amaliyoti o‘tkazildi. So‘ng bemorning yurak-qon tomirlarida kuchli zararlanish ham aniqlangach, kuni kecha aorta-koronar shuntlash operatsiyasi bajarildi. Hozir Yoqub boboning ahvoli yaxshi. Tekshiruv va tahlil natijalari, qon bosimi me'yorida, puls stabil holatda», deydi professor.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shifokor bemorning keksa yoshdaligi, qolaversa, infarktni boshdan kechirgani hamda yurak-ishemik kasalligi tufayli tomirlarida zararlanish kuchaygani, boz ustiga, yurak kattalashib, qisqarishlar miqdori pasayib ketganini aytib o‘tdi. 

«So‘nggi paytlarda kuniga ikki martalab «Tez yordam» chaqirishimizga ham to‘g‘ri kelgandi. Yuragimni kuchli sanchiq bezovta qila boshlagach, o‘g‘lim shu yerga olib keldi. Mana, ko‘rib turganingizdek tetikman, kayfiyatim ham a'lo. Operatsiyaning ertasi kuniyoq holatim yaxshilandi. Rustamjon Yorbekov va uning jasoratli jamoasidan juda-juda minnatdorman», deydi Yoqub ota Mahmudov.

Mavzuga oid
Top