15:39 / 14.10.2021
461
Qarshi shahrida ko‘p yillik qarag‘ay daraxtlari kesib tashlangani aytilmoqda
Foto: ekologuz

Qarshi shahrida yangi qurilgan savdo markazlari oldida o‘sib turgan ko‘p yillik qarag‘ay daraxtlari kesib tashlangan. Bu haqda asosan ekologiya muammolarini yoritib keladigan ekologuz telegram kanalida xabar berilgan.

Kanal o‘z obunachisi yuborgan ma'lumotlarga tayanib yozishicha, Qarshi shahar Nasaf ko‘chasidagi yangi qurilayotgan va ta'mirlanayotgan bino oldidagi ko‘p yillik qarag‘ay daraxtlari Viloyat ekologiya inspeksiyasi xodimi X.Q. bilan doimiy Qarshi shahrida daraxt kesish bilan shug‘ullanadigan O‘.Q. tomonidan kesib ketilgan.

«Axir qachongacha qo‘ppaygan binolar uchun yashil daraxtlar qurbon bo‘ladi? Bu savolga faqat rasmiy javob beriladi yoki sukut saqlanadi. Axir u daraxtlar sizga ziyon bermagandi-ku? Insonning qalbi bu qadar zang bosmasligi lozim. Bir daraxtni ko‘kartirishga bir insonning umri ketadi. Daraxtlarni kesayotganlar nazarimizda kislorod bilan nafas olmay, jazirama issiqda daraxt soyasida o‘tirishmaydi, shekilli. Mazkur huquqbuzarlik jazosiz qolmaydi, degan umiddamiz. Insof bersin, insof!», deydi kanal admini.

Kun.uz mazkur xabar yuzasidan Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari Karima Yodgorovaga murojaat qildi. K.Yodgorova hozirda o‘rganish ishlari olib borilayotganini, tez orada holat yuzasidan munosabat berilishini ma'lum qildi.

Top