20:07 / 15.10.2021
5662

Bahrom Abduhalimov barcha fuqarolarning katta miqdordagi xarajatlari deklaratsiyalanishini bildirdi

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturida har bir O‘zbekiston fuqarosining katta miqdordagi xarajatlarini deklaratsiyalash prinsiplari joriy etilishini ma'lum qilgan.

Foto: «Adolat» SDP

Adolat partiyasi nomzodining dasturida deklaratsiyalar topshirish tizimini takomillashtirib, hayotga chuqurroq integratsiya qilish haqida gap boradi.

«Deklaratsiyalarni barcha daromad oluvchilarning topshirishlariga qaratilgan siyosatni olib borish bilan birgalikda, har bir insonning katta miqdordagi xarajatlarini ham deklaratsiyalash prinsiplarini joriy qilamiz».

Shuningdek, Bahrom Abduhalimov yangicha sanoat siyosatini yuritib, yalpi ichki mahsulotda kichik va o‘rta biznes ulushini keskin oshirishini bildirgan.

«Tadbirkorlarga qonuniy imkoniyat va imtiyozlar beramiz. Ammo biz mahsulot sifatini qat'iy davlat nazoratiga olamiz, aniq standartlar joriy etib, sifatsiz mahsulot chiqarish hamda narx-navolarni sun'iy ko‘tarishga qaratilgan xatti-harakatlar uchun kuchaytirilgan jazo choralarini qo‘llaymiz», – deyiladi nomzodning saylovoldi dasturida.

Avvalroq, Bahrom Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturida oliy ta'lim muassasalaridagi kvotalarni butunlay yo‘q qilish, uy-joylar narxini keskin kamaytirish, prezident administratsiya va hukumat binolarini Toshkentdan tashqariga chiqarish hamda monopoliyaning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yilishiga va'da bergani haqida xabar berilgandi.

Top