18:31 / 15.10.2021
8716

BMTning Afg‘oniston uchun yordam yuki ortilgan ilk samolyot O‘zbekistonga kelib qo‘ndi

Dastlabki yukning umumiy hajmi 32 tonna bo‘lib, ular asosan eng birinchi zaruriyat ashyolaridan iborat.

Foto: Twitter / UNHCR Central Asia

BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari (QIOK) boshqarmasining Afg‘oniston xalqi uchun insonparvarlik yuklari ortilgan birinchi samolyoti bugun Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ngan. Bu haqda xalqaro tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi xabar berdi.

Bort BMTning Dubay shahridagi logistika markazidan uchib kelgan. Dastlabki yukning umumiy hajmi — 32 tonna, ularning barchasi birinchi ehtiyoj uchun ishlatiladigan buyumlar.

Avvalroq, BMT QIOK Termizga Afg‘oniston uchun insonparvarlik yuklari ortilgan uchta samolyotni jo‘natishini ma'lum qilgan edi.

Keyinroq, Termez Cargo Centre logistika markazi dastlabki bort 15 oktyabrda, keyingilari esa 16–17 oktabr kunlarida kelib qo‘nishini ma'lum qilgan.

Termiz aeroportidagi logistika markazida insonparvarlik yordami yuk mashinalariga ortiladi va «Termiz — Hayraton» o‘tkazish punkti orqali Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga yetkaziladi.

Foto: Twitter / UNHCR Central Asia

Ma'lumot uchun, oktyabr oyi boshidan buyon Termizdagi logistika markazi BMTning butunjahon oziq-ovqat dasturi doirasida Afg‘onistonga 40 vagonga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natgan.

Top