19:15 / 15.10.2021
20085

Jahon energetika inqirozi kuchaymoqda. Gaz taqchilligiga endi neft ham qo‘shildi

Global yonilg‘i inqirozi kundan kunga avj olmoqda. Hali qish kelmasdan turib narxi besh baravar oshgan tabiiy gaz inqiroziga neft taqchilligi ham qo‘shildi.

Foto: Dan Riedlhuber/Reuters

Gaz jahon iqtisodiyotining kovid uyqusidan uyg‘onganidan so‘ng talabning keskin ortishi ortidan qimmatladi. Bunga shuningdek, yashil energetikaga o‘tishdan to omborlardagi zaxiralarning tugashi kabi muammolar ham sabab bo‘ldi. Gaz yetishmovchiligiga duch kelganlar ko‘mir va neft mahsulotlariga o‘tishiga to‘g‘ri keldi.

Natijada neftga bo‘lgan talab sutkasiga 500 ming barrelga oshadi va 2021 yilning qolgan oylarida jahon defitsiti sutkasiga 200 ming emas, 700 ming barrelni tashkil etadi, deb ogohlantirmoqda Xalqaro energetika agentligi (IEA).

Bu iste'molchilar uchun yomon xabar, chunki energiya qimmatlashuvi sanoatning tiklanishini sekinlashtiradi va aholining cho‘ntagiga zarba beradi. Natijada iqtisodiyot qo‘shaloq zarbaga duch keladi: o‘sish sekinlashadi, narxlar esa oshadi.

Neft ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Rossiya uchun esa xomashyo taqchilligi yaxshi xabar hisoblanadi. Narxlar uch yillik rekordni yangilab bo‘ldi va Brent neftining bir barreli narxi 85 dollardan oshdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning prognoziga ishoniladigan bo‘lsa, bu hali chegara emas.

Bu oxirgi inqiroz emas

Qazib olinuvchi yonilg‘i iste'mol qiluvchi mamlakatlarning miyasi bo‘lmish IEA joriy haftada iqtisodiyotning qayta tiklanadigan energetikaga o‘tishi jarayonida dunyo hozirgiga o‘xshash yana bir energetika inqirozini boshdan o‘tkazishi haqida ogohlantirdi. 

Buning sababi shundaki, neft qazib olish, ko‘mir va atom elektr stansiyalari hamda boshqa an'anaviy energetikaga ajratilgan mablag‘lar 2014-15 va 2020 yillardagi narxlar qulashidan so‘ng tugab bo‘ldi, muqobil energetika yaratish uchun ajratilgan investitsiyalar esa energiyaga nisbatan o‘sib borayotgan talabni qondira oladigan miqdorda shamol va quyosh fermalarini qurish uchun yetarli emas.

“IEA bu boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini bir necha bor ko‘rsatdi – sof energetika va infratuzilma texnologiyalariga ajratiladigan mablag‘larni keskin oshirish lozim. ammo buni zudlik bilan amalga oshirish kerak. Aks holda jahon energetika bozorini turbulentlik va xavotirli kelajak kutadi”, – deb ogohlantirmoqda IEA.

Mavzuga oid
Top