Bu guruh yaqin o‘tmishda ham Afg‘onistondagi diniy ozchilik hisoblangan shialarga qarshi ko‘plab hujumlar uyushtirgan: xudkush terrorchilar masjidlar, sport klublari va maktablarni portlatgan. So‘nggi haftalarda ishidchilar toliblarga hujumlar kampaniyasi olib bordi.

Moskva: Afg‘oniston shimolida IShIDning yuzlab jangarilari bor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni IShID ta'siridagi yuzlab jangarilar Afg‘oniston shimolidagi hududlarda o‘rnashgani haqida gapirdi.

«Rossiya razvedkasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat shimolida IShIDning 2000ga yaqin jangarisi bor», degan Vladimir Putin.

Bundan avvalroq Putin IShIDning Iroq va Suriyada jang qilgan a'zolari Afg‘onistonga ko‘chib o‘tgani va ular sobiq ittifoq o‘rnida tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi respublikalardagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishi mumkinligi xavfi borligini aytgandi

Putin amerikaliklar ketgach Afg‘onistondagi vaziyat murakkablashganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat IShIDga aloqador guruhlar faollashuvi tufayli murakkablashmoqda.

Keyingi haftada Moskvada Afg‘onistondagi vaziyat keng muhokama qilinadi. Muzokaralarda Rossiyadan tashqari, AQSh, Xitoy va Pokiston tomonlari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarda ishtirok etish uchun Moskvaga  «Tolibon» delegatsiyasi ham taklif qilingan.