09:20 / 16.10.2021
14554
«Mishaga ozodlik!» - gruzinlar Saakashvilini qo‘llab ko‘chalarga chiqishdi. Uni kechirishlari mumkinmi?

Payshanba kuni kechqurun Gruziya poytaxti Tbilisida minglab odamlar mamlakat sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini qo‘llab ko‘chaga chiqishdi. Sobiq prezident o‘zini siyosiy mahbus deb hisoblamoqda va qo‘lga olinganidan buyon ochlik e'lon qilgan. 2012 yildan buyon Gruziyada bu qadar katta namoyish o‘tkazilmagan.

Vano Shlamov / AFP / Scanpix / LETA

Namoyishlarni «Yagona milliy harakat» muxolif partiyasi tashkil etdi. Bu partiya asoschisi aynan Saakashvili hisoblanadi.

Tinch namoyishga chiqqanlarni ularga qarshi bo‘lgan radikallar guruhi kutib olib, janjal ko‘targan. Namoyishchilarning mashinasiga supurgi ham uloqtirilgan. Bu esa qamoqxonadagi qiynoqlarni ifodalovchi ramz hisoblanadi. Ular shu orqali qamoqxonadagi Saakashviliga qiynoq tilashgan.

Shunga qaramay, o‘n minglab odamlar Tbilisidagi Ozodlik maydoniga to‘plangan. Saakashvili ularni aynan shu yerda jam bo‘lishga chaqirgandi. Yig‘ilganlarning qo‘llarida Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayrog‘i, «Mishaga ozodlik» yozuvlari tushirilgan bannerlarni ko‘rish mumkin edi.

ANADOLU AGENCY/GETTY

Namoyishda qatnashgan «Mtavi arxi» telekanali bosh direktori va Saakashvilining advokatlaridan biri bo‘lgan Nika Gvaramiya qamoqxonada bo‘lib turgan sobiq prezidentning murojaatini o‘qib berdi. U barchani mahalliy saylovlarning 30 oktyabrda o‘tajak ikkinchi bosqichida faol ishtirok etishga chorlagan.

«Mamlakatni xo‘rlashayotganlariga jim qarab tura olmayman. Undan ko‘ra o‘lganim yaxshi. Gruzin millatini korrupsiyadan, nohaqlik va qashshoqlikdan qutqarish uchun shu tariqa o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Ivanishvili («Gruziya orzusi» hukmron partiyasi sobiq yetakchisi) kabilar mamlakatga Putinning Rossiyasini olib kirmoqchi, lekin biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz, Gruziyani Yevropaga intilish yo‘liga qaytarishimiz kerak», deyilgan Saakashvilining bayonotida.

Maydonga o‘rnatilgan sahnada «Mtavi arxi» telekanali bosh direktori va Saakashvilining advokatlaridan biri bo‘lgan Nika Gvaramiya uning bayonotini o‘qib berdi / TASS/GETTY

Tbilisi merligiga nomzodlardan biri bo‘lgan Nika Meliya ham namoyishda chiqish qildi: «Mamlakatning uchinchi prezidenti Mixail Saakashvili qamoqda bo‘lishini aslo qabul qilib bo‘lmaydi, bunga toqat qilish haqida o‘ylamang ham. U chiqmaguncha kurashni davom ettiramiz». Mekel 30 oktyabrni tarixiy kun deb atab, saylovlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan.

Gruziya markaziy saylov komissiyasi bergan rasmiy ma'lumotga ko‘ra, «Gruziya orzusi» hukmron partiyasi 2 oktyabrda o‘tkazilgan birinchi bosqichdagi saylovlardan keyin 47 foiz ovoz olgan. 2012 yilgacha hukumatni boshqargan «Yagona milliy harakat» partiyasi 32 foiz ovoz to‘plab, hamon eng yirik muxolif partiya bo‘lib turibdi.

Hukmron partiya vakillari merlik saylovlarida birinchi bosqichdayoq g‘alabani ta'minlashga kifoya qiluvchi 50 foizdan ortiq ovozni to‘play olmadi. Ikkinchi bosqichda esa eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod o‘rtasida yana saylov o‘tkaziladi. Aksar shaharlarda hukmron partiya vakillariga aynan Saakashvili ruhiy yetakchisi bo‘lgan «Yagona milliy harakat» vakillari qarshilik qiladi.

Namoyishda mamlakatning turli hududlaridan kelganlar ishtirok etishdi

Namoyishlarda boshqa muxolif partiya vakillari ko‘rinish bermagan. Ko‘pchilik namoyishlar bu qadar keng masshtabda o‘tishini kutmaganini aytgan. Odamlarning fikricha, mamlakatdagi hamon eng mashhur muxolif siyosatchi bo‘lib qolayotgan Saakashvilining qaytishi uning tarafdorlarini ilhomlantirib yuborgan. Saakashvili oxirgi 8 yilda Gruziyada yashamagani ham bunga to‘sqinlik qilmagan.

«Misha qaytgach, odamlarda kelajakka bo‘lgan ishonch qaytdi», deydi namoyishchilardan biri. «Odamlar Saakashvilining qaytganidan chinakam quvvat olgan. Qarang qancha odam. Avval ham muxolif kayfiyatdagi namoyishlar bo‘lgan, ammo bu qadar ko‘p odam to‘planmagan. Menimcha, millat nihoyat uyg‘ondi. Avval kimdir bu mamlakat uchun undan ko‘proq ish qilib qo‘ysin-da, keyin sud qilishsin», deydi yana bir namoyishchi Irine Georgadze.

Hukmron partiya vakillarining fikricha, bu namoyishlar muxolif partiyaning muvaffaqiyatsizligini Saakashvilining o‘zi ham kutmaganini ifodalaydi. Hukmron partiya «Gruziya orzusi» rahbari Irakli Kobaxidzening fikricha, odamlar «Milliy harakat» tugashini ko‘rishga yaqin turibdi: «Bu (uning fikricha, «Milliy harakat»ning yakuni) juda yaxshi holat, ayniqsa gruzin demokratiyasi uchun. Bu millatimiz uzoq yillardan buyon kutayotgan narsa. Ikkinchi o‘n yillikdirki bu «Milliy harakat» mamlakatga tinchlik bermaydi», deydi Kobaxidze.

Saakashvili Rustavidagi jazoni ijro etish muassasida ochlik e'lon qilgan / AFP

Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 2013 yilda prezidentlik vakolati yakuniga yetgach, mamlakatni tark etgan. Unga ko‘plab ishlar bo‘yicha ayblov e'lon qilinib, 6 yillik sirtdan qamoqqa olish bo‘yicha hukm chiqqan. 1 oktyabr kuni 8 yillik tanaffusdan keyin mamlakatga qaytgan Saakashvili o‘sha kuniyoq qo‘lga olingan. Prokuratura u 6 yilga qamalishi mumkinligini ma'lum qildi.

Hukumatda sobiq prezident kechirilmasligini aytishgan. Faqat hukumat darajasidagi amnistiyagina Saakashvilini qamoqdan saqlab qolishi mumkin, ammo bu haqda hech qanday gap bo‘lgani yo‘q. Oxirgi yillarda Ukrainada yashagan Saakashvili Gruziyaga qaytishi haqida oldinroq xabar qilgandi. Avvaliga Gruziya rasmiylari Saakashvili mamlakatga kelmagani, u Ukrainani tark etmaganini aytishdi, ammo ko‘p o‘tmay sobiq prezident qo‘lga olingani haqida rasmiy xabar e'lon qilindi.

Ayni damda Saakashviliga Gruziya hududiga noqonuniy kirish va mamlakatga boshqa odamlarni noqonuniy olib kirish ayblovi ham qo‘yilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hozirda Saakashvili uyidan topilgan kvartira egasi, uni Gruziya g‘arbidagi qishloqlardan biriga olib borgan ota-bola ham qo‘lga olingani ma'lum.

Top