15:30 / 16.10.2021
4876

“O‘zbekneftgaz” AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi xalqaro muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ldi

So‘nggi yillarda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida tarmoq faoliyatini takomillashtirish, davlat rahbari va hukumatimiz tomonidan belgilangan vazifalarning ijrosini yuqori darajada ta'minlash bo‘yicha jadal islohotlar olib borilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan 2020 yil 4 apreldagi farmonlariga asosan neft va gaz sohalarini tubdan isloh qilish, ular faoliyatida shaffoflikni ta'minlash, moddiy texnik bazalarini modernizatsiya qilish, yuqori malakali xodimlarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar va xorijdagi vatandoshlarni jalb qilish, shuningdek, neft va gaz sanoatining barcha korxonalarida korrupsiyaga qarshi “Komplayens-nazorat” tizimini joriy etish topshirilgan edi. Albatta, uzoqni ko‘zlab qabul qilingan ushbu islohotlar bugungi kunda o‘z mahsulini bermoqda.

Xususan, mazkur topshiriqning samarali ijrosini ta'minlash maqsadida 2020 yilning may oyida aksiyadorlik jamiyatida Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti, sentabr oyida uning Jamiyat tizim korxonalaridagi, jumladan barcha boshqarmalar, zavodlar va neft bazalaridagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Faoliyat davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi hamda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqilib, Prezident Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” asosida Jamiyat va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar, zavod-boshqarmalar va neft bazalarida korrupsiya xavfi sabablarini o‘rganish, kelgusida oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini keng tatbiq etishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi.

Hozirga qadar Jamiyatda korrupsiyaning oldini olishga va komplayens faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan jami 30dan ortiq ichki me'yoriy hujjatlar ishlab chiqildi va Jamiyat boshqaruvi tomonidan amaliyotga qabul qilindi. Shundan 18 ta ichki me'yoriy hujjat BMTning taraqqiyot dasturi loyihasi bo‘yicha KPMG xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi ekspertlari bilan birgalikda amaliyotga joriy qilindi.

“Korporativ axloq kodeksi”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Odob axloq komissiyasi to‘g‘risida”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha”, “Biznes tadbirlar va vakillik xarajatlari to‘g‘risida”, “Korrupsion xatarlarni aniqlash va baholash metodologiyasi”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligi bo‘yicha monitoring va nazorat metodikasi” va boshqalar shular jumlasidandir.

Ushbu davrda xarid faoliyati ochiq va shaffof bo‘lishini ta'minlash maqsadida Jamiyatning xarid tizimi tubdan qayta tashkil etildi.

Jamiyat xodimlari va fuqarolar o‘rtasida yuzaga keladigan turli masalalarni tezkor hal qilish maqsadida turli aloqa kanallari yo‘lga qo‘yildi (compliance@ung.uz, @ung_anticorBot).

Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida Jamiyat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning moddiy-ijtimoiy ta'minotiga, ayniqsa, butun jahonda kechayotgan pandemiya sharoitida ularning salomatligini muhofaza qilishga alohida e'tibor qaratildi.

Bundan tashqari, korrupsiya holatlari sodir etilishining oldini olish, faoliyatda inson omilini kamaytirish va shaffoflikni ta'minlash maqsadida jamiyatda bosqichma-bosqich raqamlashtirish jarayonlari davom etmoqda.

Jamiyatda moliyaviy intizomni mustahkamlash, korrupsion xatarlarni kamaytirish va turli talon-torojliklar, noqonuniy holatlarni kamaytirish va eng asosiysi ularning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamda nazorat-profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda.

Afsuski, tizimda faoliyat ko‘rsatuvchi ayrim nopok xodimlar tomonidan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab xizmat vazifalarini suiiste'mol qilish va talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bunday salbiy holatlarga tegishli huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida 11 ta tizim tashkilotlari faoliyati bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bu jarayonda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tomonidan juda katta amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Shuningdek, yo‘l qo‘ygan xatoliklari uchun 100dan ortiq xodimga amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan qat'iy intizomiy choralar qo‘llandi.

Birgina joriy yilning o‘tgan davrida olib borilgan profilaktik nazorat ishlari natijasida 119,5 mlrd so‘mlik xatoliklar bartaraf etildi va 121,8 mlrd so‘mlik noo‘rin xarajatlarning oldi olinib, tejab qolindi.

Ta'kidlash joizki, Jamiyatda olib borilayotgan yuqoridagi jarayonlar bo‘yicha Jamiyatda joriy qilingan korrupsiyaga qarshi tizim faoliyatini tahlil qilgan halqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy baho berildi.

Natijada mutaxassislar tomonidan Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida oldiga qo‘ygan maqsadlari, xalqaro standart talablari amaliyotga haqiqatda tatbiq etilayotgani tasdiqlanib, “O‘zbekneftgaz” AJga Janubiy Koreyaning “G-CERTI Co., Ltd.” xalqaro auditorlik va sertifikatlash tashkiloti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi amalda samara berayotganining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanuvchi ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikati taqdim etildi.

Jamiyatning “Korrupsiyaga qarshi kurashish” siyosatini amaliyotga keng tatbiq etish va korrupsiyaga oid turli xavflarini bartaraf etishda nafaqat mas'ul mansabdor shaxslarning, balki Jamiyatning har bir xodimining ishtiroki muhim hisoblanadi.

Ushbu ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikatining qo‘lga kiritilishi “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasiga bildirilgan ishonchni yanada to‘liq oqlashni va kelgusida korrupsiyaga oid xatarlarni kamaytirishda, shuningdek, tizimni moliyaviy sog‘lomlashtirishda yanada mas'uliyatli bo‘lgan holda mehnat qilishni taqozo etib, albatta tizimda bu kabi ishlar izchillik bilan davom ettiriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top