21:43 / 16.10.2021
10612

Termiz shahrida O‘zbekiston-Afg‘oniston muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Muzokaralar chog‘ida turli vazirlik va idoralar vakillari savdo-iqtisodiy aloqalar, chegara xavfsizligini ta'minlash, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

16 oktabr kuni Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

“Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Afg‘oniston Islom Amirligining Muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salam Hanafiy boshchilik qildilar.

Muzokaralar chog‘ida turli vazirlik va idoralar vakillari savdo-iqtisodiy aloqalar, chegara xavfsizligini ta'minlash, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ta'lim va gumanitar sohadagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i hamda “Termiz – Mozor-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurishga alohida e'tibor qaratildi.

“Uchrashuvlar natijasida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha bir qator ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekiston tomoniga samarali muzokaralar va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi”, deb xabar qilgan O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

7 oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Kobulga borib, Afg‘oniston Islom Amirligi tashqi ishlar vaziri v.b. Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.

Top