15:15 / 16.10.2021
6464
Xo‘jand–Toshkent, Panjikent–Samarqand–Buxoro yo‘nalishlari bo‘yicha yana avtobus qatnay boshlaydi

Tojikiston O‘zbekiston shaharlariga avtobuslar qatnovini tiklamoqda. 18 oktyabrdan Xo‘jand–Toshkent, 20 oktyabrdan esa Panjikent–Samarqand–Buxoro yo‘nalishlari bo‘yicha yana avtobus qatnay boshlaydi.

Foto: A'lo Abdullayev / UzA

Asiaplustj.info nashriga ko‘ra, qayta tiklanayotgan Xo‘jand–Toshkent avtobus yo‘nalishida yo‘lkira narxi 100 somoniy etib belgilangan. O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan e'lon qilingan rasmiy kursga ko‘ra, 1 somoniy – salkam 947 so‘mni tashkil etmoqda. Demak, Xo‘janddan Toshkentga kelish va Toshkentdan Xo‘jandga borish narxi bir tomonga qariyb 100 ming so‘mga tushadi.

Ushbu yo‘nalishga ikki qavatli zamonaviy avtobuslar qo‘yilgan bo‘lib, ular Toshkent va Xo‘jand shaharlariga har kuni qatnaydi. Talab oshib borgan taqdirda qatnov kuniga 2-3 marta tashkil etilishi mumkin. Yo‘lovchilardan chegarada xorijga chiqish pasporti hamda koronavirusga qarshi vaksina olganlik haqidagi sertifikat talab etiladi. Bunday sertifikati bo‘lmagan yo‘lovchilar esa ekspress-test topshirishlariga to‘g‘ri keladi. Ekspress test narxi 160 ming so‘m, deb yozmoqda Asiaplustj.info.

6 yoshga to‘lmagan farzandi bilan birga safarga chiqqan ota-onalardan bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, shu bilan birga, u sog‘lom ekani, poliomiyelit bilan kasallanmagani haqidagi tibbiy ma'lumotnoma so‘raladi.

Avtobuslar Xo‘jandning 16-mikrorayonidagi Asian Express terminalidan har kuni 8:00da, Toshkentning “Olmazor” metrobekati yonidagi Toshkent avtobus saroyidan esa 18:00da yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan.

20 oktyabrdan boshlab esa Panjikentdan avtobusda Samarqand va Buxoro shaharlariga borish mumkin. Yo‘nalishga zamonaviy, uzoq vaqt davom etadigan sayohatlarga moslashgan avtobuslar qo‘yilgan. Yo‘lkira narxi Rossiyadan Samarqand va Buxoro orqali qaytayotgan tojikistonliklar uchun 200 somoniy, Panjikentdan O‘zbekiston shaharlariga kelib yana kelgan avtobusida qaytib ketuvchilar uchun 500 somoniy etib belgilangan.

Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida avtobus qatnovi qayta tiklanishi mumkinligi, mazkur masala O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingani haqida xabar berilgandi.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning 8 oktabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sirdaryoni Farg‘ona vodiysi viloyatlari bilan bog‘lovchi, Tojikiston orqali o‘tadigan 4ta tranzit avtobus yo‘nalishlari joriy qilinishi haqida aytgandi.

Top