15:03 / 18.10.2021
32058
Tirikchilik ko‘yidagi ayol fojiasi

2021 yil 8 oktabr kuni Yangi-Angren IES atrofidagi hududdan metallolom izlagan 34 yoshli ayolni tuproq bosib qoldi. U yig‘gan temirlarini pullab, farzandlariga qishlik kiyim olib bermoqchi edi.

Ayol nolimadi, birovdan yordam kutmadi va ehtimol shuning uchun oilada ham, jamiyatda ham uning qiyinchiliklariga hech kim e'tibor qaratmadi. Marhumning dugonasi Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukniga uning taqdiri haqida so‘zlab berdi.

— Dugonam Vazira bilan bolalikdan birga katta bo‘ldik, bitta kosadan ovqat yeganmiz. Nihoyatda sodda, ochiqko‘ngil qiz edi. Birovga zarari tegishini istamasdi. Hattoki ota-onasiga ham yuk bo‘lmaslik uchun o‘zi tinimsiz mehnat qilib, o‘z kunini ko‘rishga harakat qilardi. Doim kiyim-kechagi, hamma ehtiyoji uchun mehnati bilan o‘zi pul topardi. Dalaga chiqib piyoz o‘toq qilish bormi, kartoshka-sabzi kavlash bormi, hammasiga ketaverardi. Kech kuzgi paxta terimigacha mehnat qilardi.

Yillar o‘tib, ulg‘ayib, hammamiz o‘z yo‘limizdan ketdik. Dugonam ham turmushga chiqib, oilali bo‘ldi. Turmushning qiyinchiliklari boshlandi. Orada turmush o‘rtog‘i qandaydir sabab bilan ma'lum vaqtga qamalib qoldi. Shundayam u hech kimdan yordam so‘ramadi, bolalarini o‘zi parvarishlab katta qildi. Tabiatan shunaqa ediki, bir marta yordam so‘rashi mumkin edi. Qaytib so‘ramasdi, qo‘l siltab, ko‘z yumib qo‘ya qolardi xolos.

Surayyo Muhiddinova, marhumaning yaqin dugonasi

Farzandlari uchtaga yetdi: ikki o‘g‘ildan keyin yana bir qizchali bo‘ldi. Uch ovsin bitta hovlida yashashlarini hisobga olib, ijara uyga chiqib ketishdi. Ayrim sabablar bilan ijarada yashash noqulay bo‘ldi, shekilli, ota uyiga ko‘chib bordi. Bir muddat ota uyida yashab turdi. Nimadir bo‘lib, u yerdan ham chiqib ketdi. Shundan so‘ng shu qishloqdagi bir uyda ijarada yashab turgan edi.

Jamiyatdagi befarqlikmi, oiladagi yetishmovchilikmi... nimani sabab qilishniyam bilmayman. Lekin endi u oramizda yo‘q. Ro‘zg‘or tebrataman deb, bolalarini boqaman deb, bir necha kun avval hayotdan ko‘z yumdi.

Yangi-Angren IES atrofidagi hududda qazib tashlangan chuqurlar bor. Shu yerda eskidan qolgan temir bo‘laklarini topish mumkin ekan. Dugonam shularni terib, metallolomga topshirmoqchi bo‘lgan. 3-4 so‘m pul bo‘ladi deb, shularni kavlayotgan vaqtda ustiga tuproq ko‘chgan va uni bosib qolgan.

Yonida o‘g‘li ham bo‘lgan, borib odamlarni chaqirib kelguncha vaqt o‘tgan va dugonam jon berib bo‘lgan ekan. Bola onasining aynan qayerda ekanini topolmay qolgan, qidirib 4 soat deganda tuproq orasidan uning jasadini topishdi.

Xo‘jayini mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanardi, ancha vaqt avval Namanganga ishga ketgan ekan. Dugonam tug‘ilgan kuni yaqinlashayotgan o‘g‘liga issiq kiyimlar sovg‘a qilmoqchi bo‘lib, shu yerga borgan ekan. Uch farzandi qoldi – kattasi 14 yosh, kenjasi hali 1,5 yoshda.

Uning orzulari ko‘p edi, eng katta orzusi – uyi bo‘lishini istar edi. “Bittagina uyim bo‘lsa, vatanim bo‘lsa edi, yaxshi yashab ketardim”, deb niyat qilardi. Hozir ijarada yashab turgan Aqcha qishlog‘idagi uyni sotib olmoqchi bo‘lgan ekan. Lekin imkoni bo‘lmagani uchun pulini to‘lay olmagan.

Umri faqat qora mehnatda o‘tdi. Issiqxonalarga chiqib ishlaganini, yosh bolasini tashlab ohak qoplash uchun ishga chiqqanini bilardim. Qayerda mehnat bo‘lsa qochmasdi, har doim halol topishga harakat qilardi.

Yoshligimizda qo‘g‘irchoqlarimizga ko‘ylak tikib, birga o‘ynab yurardik. Bir kuni “voy” dedi-yu, o‘tirib qoldi. Yugurib borib qarasam, yerda yotgan nina oyog‘ining ostidan kirib ustiga chiqib qolgan. Avaylab olib tashladim. Shu holatidayam meni qo‘rqmaslikda maqtab, o‘zining azoblanganini bildirmadi. Shundayam o‘z og‘rig‘ini sezdirmagan.

Bolalarini judayam yaxshi ko‘rar edi, ularga gard yuqtirmay katta qilayotgan edi. Farzandlarini birov xafa qilsa, ulardan battar xafa bo‘lar edi. U hech qachon turmushidan nolimadi, lekin uyi yo‘qligidan doim siqilardi. Bolalarini o‘z uyida katta qilishni orzu qilgan. Shu maqsadda tinimsiz mehnat qildi.

Endi uch bolasining taqdiri nima bo‘lishidan xavotirdaman. Ularni bir joyga yig‘ib turadigan uyi bo‘lishi kerak, bu ularning kelajagiga ham ta'sir qiladi.

Butun boshli jamiyatda bir ayolni asrab qolishga kuch topilmadi. Bolam-chaqam deb ne orzu-armonlarda o‘tib ketdi. Hech bo‘lmaganda uning uch farzandiga biroz bo‘lsa-da e'tibor qaratilsa, yaxshi bo‘lardi. Ularning kelajagi onasinikiga o‘xshamasligi kerak.

Ayol sifatida dugonam faqat ona bo‘ldi – boshqa hech narsa ko‘rmadi. Ona sifatida baxtli edi. Lekin ayol sifatida jamiyatda o‘zining o‘rni bo‘lmadi, o‘zining ishi bo‘lmadi.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Azimjon Vohidov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top